Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv olish inshootidagi 5 ta quduq nosoz ekanligi aniqlandi
11:42 / 2025-12-26

Suv inshootlarida o‘rganish va texnologik audit ishlarini amalga oshirish ichimlik suvi tizimidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, uskunalarning texnik holatini baholash hamda aholiga suvni barqaror yetkazib berilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu jarayon infratuzilmani samarali boshqarish, xavfsizlik talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda kelgusidagi ta’mirlash va modernizatsiya ishlarini to‘g‘ri rejalashtirish imkonini beradi. Xususan, Andijon viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Asaka tumanidagi “Badalboy” suv olish inshootida o‘tkazilgan o‘rganishlarning asosiy maqsadi ham ana shu vazifalarni amalga oshirishdan iborat bo‘ldi.

– Olib borilgan monitoring tekshiruvlari natijasida inshootdagi 6 ta suv olish qudug‘idan 5 tasi ishchi holatda emasligi aniqlandi, – deydi Andijon viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Husanboy Obidjonov. – Shuningdek, nasos agregatlarida ham bir qator nosozliklar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, joriy yil davomida viloyatdagi shahar va tumanlarda jami 18 ta suv olish va tarqatish inshootlarida texnologik audit o‘tkazilib, ob’ektlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ta’minotchi korxonalar va mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar yuborilgan. 

Yuqorida qayd etilgan bunday o‘rganishlar aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifati belgilangan talablar darajasida bo‘lishini ta’minlashga, tizim faoliyati samaradorligini oshirish hamda infratuzilmaning barqaror ishlashini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.

F. Ubaydullayev,

O‘zA muxbiri