“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “To‘palang” daryosida barpo etilgan gidroelektr stansiyalariga mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ikki kunlik press-tur tashkil etdi.
Ishtirokchilarga dastlab “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati To‘palang GESlar kaskadi filiali direktori Asror Ulug‘ov, “To‘palang” suv ombori boshlig‘i Saidvaqqos Hamroyev yirik suv ombor va gidroelektr stansiyalari qurilishi tarixi va keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida atroflicha malumot berdi. Jurnalistlar “To‘palang” suv ombori to‘g‘oniga chiqib, yirik suv omborni ko‘zdan kechirdi. Vaziyatlar markazi va suv ombor qoshida 2006 yil ishga tushirilgan ilk gidrotexnik inshoot – “To‘palang” gidroelektr stansiyasi bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-24277]
Surxondaryo viloyatidagi asosiy gidroenergetik salohiyat “To‘palang” daryosi hisobiga to‘g‘ri keladi. Daryo suvidan unumli foydalanish uchun 1983 yil “To‘palang” suv ombori bunyod etilgan.
Suv ombor Sariosiyo tog‘laridan oqib tushgan obi-hayotni bir joyga to‘playdi. O‘ziga xos tabiati va baland tog‘lar qurshovidagi yirik gidroinshoot aholi uchun eng zarur manba hisoblanadi. Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi ekinzorlar mazkur suv ombori orqali sug‘orilsa, uning quyi qismidagi GESlar quvvati viloyatning janubiy hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Suv ombor 500 million m3 sig‘imdagi suvni to‘plash quvvatiga ega. To‘g‘onning uzunligi 187 metrni tashkil etadi.
2017 yil tashkil etilgan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizda mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalangan holda yangi GESlar qurish va eski GESlarni modernizatsiya qilish yuzasidan keng ko‘lamli ish boshladi. Bu jarayonda Surxondaryo viloyatida olib borilgan qidiruv-loyiha ishlari doirasida qator yangi GESlar qurilishi amalga oshirildi.
Press-tur qatnashchilari ertaga “To‘palang” daryosi bo‘ylarida barpo etilgan gidroelektr stansiyalari faoliyati bilan yaqindan tanishadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri