Suv narxi asossiz oshirilgani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyatidagi hududiy boshqarmasi ichimlik suvi va oqova xizmatlari tariflarini tekshirdi. Tekshiruv chog‘ida kutilmagan holat aniqlandi. Ayrim xizmatlar uchun narxlar asossiz oshirilgan va shu orqali aholidan 2,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ortiqcha undirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, “MUSAFFO OBI HAYOT MAGISTRAL SUV TA’MINOTI” AJ tomonidan qo‘llanilgan tariflar amaldagi qonun talablariga to‘liq mos kelmagan. Natijada, bu holatga huquqiy baho berildi va maxsus komissiya qarori bilan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi hamda moliyaviy jarima belgilandi.
Eng muhimi — ortiqcha olingan pullar havoda qolmaydi. Mas’ul tashkilotga qonunbuzilishlarni bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va eng asosiysi, asossiz undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilib qaytarish majburiyati yuklatildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA