Markaziy Osiyo hududidagi bog‘lar va sug‘oriladigan yerlar suv tanqisligi oqibatida keyinchalik cho‘lga aylanib ketishi hollari ko‘p bora kuzatilgan. Iqlim quruqligi va gidrotexnik loyihalarning mavjudligi sabab mintaqa haligacha suv resurslariga qattiq bog‘lanib qolgan. Bundan tashqari, yerlar va suv resurslarining sho‘rlanishi taraqqiyot sari odimlayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy barqarorligiga tahdid sola boshladi.
Yaqinda “NASA” tomonidan o‘tkazilgan sun’iy yo‘ldosh tadqiqot natijasi shuni ko‘rsatdiki, suv resurslarining eng ko‘p kamayish holatlari Hindiston, Pokiston, Arabiston yarim oroli va Shimoliy Afrika hududlariga to‘g‘ri kelgan. Bu davlatlarda suv – nihoyatda bebaho ne’mat hisoblanadi. Kelajakda sayyoramiz aholisi o‘sishda davom etar ekan, urbanizatsiya tendensiyasi tufayli vaziyat yanada salbiy tus olish ehtimoli yuqori. Suv manbalarining kamayishi, qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishdagi uzilishlar, qashshoqlik sonining ortib borishi, bularning bari suv resurslaridan noratsional foydalanish oqibatlaridir.

Qachondir Orol dengizi yana asl holiga qaytishi mumkinmi, degan umidli savollar qiynaydi ba’zida. Mintaqada iqtisodiyotni qayta integratsiya qilish gidrologiya sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. To‘g‘ri, Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqaro hamkorlar ko‘magida Orol dengizini qutqarish yo‘lida birmuncha sa’y-harakatlar qilmoqda. Masalan, dengizning Qozog‘iston tarafidagi bir qismi qisman tiklandi, O‘zbekiston Orolbo‘yi suv havzalari ekotizimini saqlab qolish maqsadida dengizning qurib qolgan tubida faol o‘rmonlashtirishni boshladi. Umuman olganda, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, agrar sohada suv iste’moli hajmini kamaytirishni ta’minlovchi dehqonchilik tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlarni davom ettiraverish kerak.

Yuqorida ta’kidlanganidek, hozirda butun dunyoda toza ichimlik suviga bo‘lgan talab kundan-kunga ortib bormoqda. Bu esa tabiatning bebaho ne’mati hisoblangan obihayotdan tejamkorona foydalanishga, ichimlik suvining yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolarga jiddiy e’tibor qaratishga, shuningdek, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun tegishli choralarni ko‘rishga chaqiradi.
Ko‘rsatuvning 2-qismini O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/8U8vFV9bXoY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
O‘tkir Alimov, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA