Dunyoda muqobili bo‘lmagan yagona resurs nima ekanligini bilasizmi? Bu albatta suv. Olimlar sayyoramizdagi ilk tirik mavjudotlar ham aynan suvda paydo bo‘lganini ta’kidlashadi. Million yillardan buyon suv tiriklik evolyutsiyasiga ham, sayyoramizning geografik shakli va iqlim o‘zgarishlariga ham beqiyos ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Biz navbatdagi dasturimizda insoniyat uchun kisloroddan keyin ikkinchi ehtiyoj hisoblangan toza ichimlik suvi muammosi haqida mulohaza yuritamiz.
Yer sharining 70 foizi suv bilan qoplangan lekin uning atiga 2 foizigina ichimlik suviga yaraydi xolos. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun sayyoramizning 2 mlrddan ortiq aholisi ichimlik suvi ta’minotining tanqisligi sharoitida yashamoqda. 2050 yilga borib esa yer shari aholisining yarmidan ko‘pi ichimlik suvi bilan bog‘liq keskin muammolarga duch kelishi ehtimoli mavjud. BMTning “Atrof-muhit muhofazasi” dasturi ma’lumotlarida qayd etilishicha, hozirda dunyodagi mavjud daryolarning chorak qismi jiddiy ifloslangan.
Markaziy Osiyo hududi suv xavfsizligi, energiya, oziq-ovqat va atrof-muhit bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan dunyodagi kam sonli mintaqalardan biridir. Tahlilchilar fikricha, 2040 yillarga borib mintaqa aholisi 86 millionga ko‘payishi kutilmoqda va buning ortidan yaqin 20 yillikda keskin suv taqchilligi yuzaga kelishi mumkin. Bu esa katta ehtimol bilan yirik shaharlarda suv ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasining stressiga olib keladi. Aholining tez ko‘payishi va noqulay iqlimning ta’siri mintaqadagi suv resurslarini boshqarish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli istiqboldagi noaniq vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
Ko‘rsatuvning 1-qismini O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/iwKKiLIbXIE" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
O‘tkir Alimov, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA