Toshkentda Agrobank tomonidan amalga oshirilayotgan — “Agrobooks” loyihasi doirasida “Suv kitob” to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Agrobank tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasini moliyaviy va ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
[gallery-23696]
Xususan, bank o‘zining “Ekotizim”ini shakllantirib, agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Shu yo‘nalishdagi muhim tashabbuslardan biri — “Agrobooks” loyihasi bo‘lib, u fermerlar va soha mutaxassislariga amaliy ko‘mak hamda ilmiy-metodik materiallar taqdim etishni maqsad qiladi.
Navbatdagi loyiha sifatida Agrobank tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligi va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy-tadqiqot universiteti hamkorligida “Suv kitob” metodik to‘plami yaratildi.
Suvdan oqilona foydalanishga oid 30 ta metodik qo‘llanmani o‘z ichiga olgan ushbu to‘plamni yaratishda Xitoy va Turkiya kabi davlatlarning ilg‘or amaliyotlari o‘rganilgan hamda 50 nafar professor va mutaxassislar ishtirok etgan.
Mazkur metodik to‘plamlarda zamonaviy sug‘orish texnologiyalari, avtomatlashtirilgan tizimlar, ekinlarni sug‘orish me’yorlari va suvdan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar jamlangan.
- Suv tanqisligi bugun o‘ylashga majbur qiladigan masalaga aylandi, - deydi
Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Temur Butunbayev. - Suvning qadrini yo‘qotayotgan “Suv tekin” tushunchasining oqibatlarini o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi suvdan foydalanuvchilar ongida “Suv tekin emas” degan fikrni shakllantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish va hosildorlikni yuksaltirishga xizmat qiluvchi bilimlarni ommalashtirishdan iborat.
Fermer va dehqonlar uchun to‘plamning video va audio shakldagi talqinlari ham tayyorlangan bo‘lib, videodarslar “Fermerlar maktabi” platformasiga joylashtirilgan.
To‘plam yil yakuniga qadar bosma va elektron shaklda barcha fermer va dehqonlarga bepul tarqatiladi. Global iqlim o‘zgarishi va aholi sonining ortishi tufayli suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj tobora oshib borayotgan bugungi sharoitda “Suv kitob” to‘plami mamlakatimizda suv xo‘jaligini ilmiy asosda rivojlantirish, shuningdek amaliy bilimlar orqali fermerlar faoliyatini yanada samarali tashkil etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Agrobank suv xo‘jaligi sohasini moliyaviy va ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettiradi.
Sh.Mamaturopova,
Asliddin Alijonov (surat)
O‘zA