Qaror va ijro
Toshkent tumanida joylashgan “Oltin tepa” suv ko‘tarish inshooti foydalanishga topshirildi. Prezidentimizning 2017 yil 3 martdagi “Osiyo Taraqqiyot Banki ishtirokida “Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1 bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga asosan amalga oshirilgan ushbu tashabbus hudud aholi uchun mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligi arafasida katta sovg‘a bo‘ldi.

Shu munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Sardorbek Ergashev, “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ direktorining o‘rinbosari Ahmad Eshpo‘latov, Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova, tuman kengashi deputatlari, prokuratura xodimlari, nuroniylar, tuman faollari, hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Mazkur inshootlarning ishga tushirilishi natijasida Oltintepa, Shamsiobod, Diydor, Ko‘hinur, Ko‘ksaroy, Sohibkor, Nurhayot, Zargar, Majnuntol, Xiyobon va Obodlik mahallalarining umumiy 45 ming nafarga yaqin aholisini doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlashga erishildi.

Ilgari esa hudud iste’molchilariga haftada 2 kun, unda ham soatlik reja bilan ichimlik suvi berilgan. Ichimlik suvi katta ehtiyoj bo‘lib kelayotgan bir qator mahallalardagi aholi uchun endi 24 soat uzluksiz, sifatli ichimlik suvi oqimi kafolatlandi. Mazkur “Oltin tepa” orqali har bir xonadonga barqaror suv ta’minoti kirib borishini kafolatlaydi va sog‘lom turmush tarziga yo‘l ochishi bilan ham ahamiyatlidir.

Muhimi, mazkur sa’y-harakatlar “Suv bor joyda hayot bor”, degan hikmat bugun jonli hayotga aylanib, tumanning markazidan uzoqroqdagi manzillarda yangi taraqqiyot davri boshlandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday ko‘lamdagi infratuzilma loyihalari tumanda hali davom etadi. Toshkent tumanida inson kapitalini oshirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash sari ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA.