English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv inshootlaridan samarali foydalanish zarur
17:26 / 2023-05-01

Suv – bu bebaho ne’mat. Uning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Suvning inson hayotidagi ahamiyatini o‘zi katta bir mavzu. Lekin mavsumlarda olinadigan xirmonlar taqdiri, bepoyon dalalarimiz, bog‘-rog‘larimizga kerakli miqdorda obi hayotning yetib borishida daryolar, kanal va ariqlarning o‘rni beqiyos.

Sirdaryo viloyatidagi Guliston suv inshootlari va "Do‘stlik" kanali boshqarmasi tasarrufidagi "Do‘stlik" kanali O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari hududidagi muhim va yirik suv inshooti hisoblanadi. Uning umumiy uzunligi 117 kilometrni tashkil etadi. Shundan: 68 kilometri O‘zbekiston Respublikasi hududida, 49 kilometri Qozog‘iston Respublikasida joylashgan. U Sirdaryodagi Farhod GES ning tashlama kanalidan suv oladi. Kanalning suv o‘tkazish imkoniyati 230 M³/S bo‘lib, kanal boshdan oxirigacha tuproq o‘zandan oqadi. Kanalda 6 ta to‘g‘on, suv sarfi 0,2 dan 50 M³/S gacha bo‘lgan 45 ta shoxobcha kanallar va 3 ta ehtiyot tashlamalar qurilgan.  

Kanal tuproq o‘zandan oqib o‘tishi tufayli Guliston shahrida zahgarchilik me’yori ko‘tarilib ketadi. Bu holat shahardagi binolar, uy-joylarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsata boshladi. Davlatimiz tomonidan "Do‘stlik" kanalining Guliston shahar hududidan oqib o‘tuvchi qismini to‘liq beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi. Kanal suvi to‘xtatilib, qolgan suv nasoslar yordamida chiqarib tashlandi. Rekonstruksiya ishlariga mamlakatimizning bir necha yuzlab malakali mutaxassislari jalb etildi. 2 yil mobaynida kanalning shahar hududidagi 5 kilometrga yaqin qismi to‘liq betonlashtirildi.  

Kanalda Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi va 2022 yil 22 yanvardagi qarorlariga asosan rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. 2021-2023 yillar davomida inshootda jami 8 ta suv to‘sish inshooti va 8 ta suv ko‘tarish mexanizmlari yangisiga almashtirilib, xizmat ko‘rsatuvchi portal kranda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borildi. Inshoot qo‘shimcha jihozlandi. Rejadagi barcha rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda kanal qirg‘oqlariga muhofaza qo‘rg‘onchalari tortilib zamonaviy tungi chiroqlar o‘rnatildi. Beton yo‘laklar yotqizilib, manzarali va mevali daraxtlar o‘tqazildi, ulkan obodonlashtirish ishlari olib borildi. Shu tariqa kanal bo‘ylari shahar ahlining sevimli dam olish maskaniga aylandi.  

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA muxbiri