Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv inshootlari aholi ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi
21:00 / 2025-05-22

Prezidentimizning 2019 yil 9 apreldagi “Osiyo taraqqiyot” banki ishtirokidagi “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Osiyo taraqqiyot banki “Mang‘it” suv tozalash inshootini qurish bo‘yicha pudratchi “Obi hayot injiniring” mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan 2023 yil 5 iyunda qiymati 12,99 million AQSH dollari miqdoridagi shartnoma imzolangan.

Shartnoma bo‘yicha quvvati 40 ming m3/sutka bo‘lgan suv tozalash inshootini qurish ko‘zda tutilgan. Bu yerda hajmi 66,5 ming m3 bo‘lgan suv tindirish havzasi, 1-ko‘tarma nasos stansiyasi, gorizontal suv tindirgichlar, filtrlash, 2-ko‘tarma nasos stansiyasi, xlorlash stansiyasi, reagent xo‘jaligi, hajmi 3 ming m3 bo‘lgan 2 dona rezervuar va laboratoriya-dispetcherlik korpusini qurish ishlari olib borilmoqda. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mazkur suv tozalash inshootiga press-tur tashkil etildi. Tadbir doirasida jurnalistlar Orolbo‘yi hududidagi eng yirik qurilish ob’ektida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi. Qurilish tashkiloti rahbari hamda quruvchilar bilan suhbatlashib, ularga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. 

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati direktori Qallibek Xalmuratov Orolbo‘yi, shu jumladan, Amudaryo tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan loyihalar, istiqboldagi rejalar va iste’molchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berdi. 

Bugungi kunda Orolbo‘yida 2 million 29 ming nafar aholining 74,2 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan, qolgan 524 ming nafari muqobil ichimlik suv manbalari bilan ta’minlangan. Jamiyat tomonidan aholiga quvvati sutkasiga 140 ming/m3 bo‘lgan “Tuyamo‘yin”, quvvati sutkasiga 60 ming/m3 bo‘lgan “Taxiatosh”, quvvati 65 ming m3/sutka bo‘lgan “Nukus” suv tozalash inshootlari orqali ichimlik suvi yetkazib beriladi. 

[gallery-23520]

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 9 apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 172,3 million dollar bo‘lgan loyihani 2021 – 2025 yillar mobaynida amalga oshirish belgilangan. 

Loyiha asosida respublikaning Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq va Nukus tumanlarida jami uzunligi 1 ming 236 kilometr ichimlik suv tarmog‘i bilan 26 ta ichimlik suv inshootini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan bugungi kunda “Tuyamo‘yin” suv tozalash inshootining nasos stansiyasida “Obi hayot injiniring” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qiymati 3,7 million dollarlik rekonstruksiya ishlari bajarildi. 

“Nukus tumanining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha “AEIB Azerbaijan RPA” qurilish korxonasi bilan qiymati 11,4 million dollarlik, “Qorao‘zak tumanining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha “AEIB Azerbaijan RPA” (Ozarbayjon) qurilish korxonasi tomonidan qiymati 11,1 million dollarlik, “Amudaryo tumanining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha “Archico Engineering company” (Ozarbayjon) tomonidan qiymati 29,03 million dollarlik ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, “Beruniy tumanining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha “Mesmer-alkatas” qo‘shma korxonasi tomonidan qiymati 24,92 million dollarlik, “Mo‘ynoq tumanining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha “Archico Engineering company” (Ozarbayjon) tomonidan qiymati 8,21 million dollarlik ishlarni amalga oshirish jarayonlari davom etmoqda. 

Qolgan ob’ektlarda esa, ya’ni “Qo‘ng‘irot tumanining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha tender savdolari yakunlanib, baholash ishlari olib borilmoqda. Loyiha natijasida hududlarda yashovchi 188,1 ming aholi qo‘shimcha ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, 155,8 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanishi kutilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 sentyabrdagi 486/9-sonli qaroriga muvofiq Jahon banki ishtirokida loyiha qiymati 78,0 million dollar bo‘lgan “Nukus, Taxiatosh shaharlari va Xo‘jayli tuman markazida oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi 2023-2027 yillarda amalga oshirilishi belgilangan. 

Loyiha asosida Nukus, Taxiatosh shaharlari va Xo‘jayli tuman markazida umumiy quvvati sutkasiga 45,2 ming m3 bo‘lgan 3 dona oqova suv tozalash inshootini qurish, 28 dona oqova suv nasos stansiyasini va 142,3 km oqova suv tarmog‘ini qurish hamda rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. 

Bugungi kunda Posch & Partners Consulting Engineers (Avstriya) kompaniyasi tomonidan loyiha va tender hujjatlarini ishlab chiqish yakunlanib, tender oldi hujjatlari tayyorlanmoqda. Tadbir davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA