Kundalik turmushimizda gaz, elektr energiyasi, sovuq suv va issiq suv yetkazib beruvchi tashkilotlar tomonidan asossiz qarz hisoblanishi kabi turli muammoli vaziyatlarga duch kelamiz. Ma’lumki, belgilangan tartibga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022 yil 1 fevraldan suv hisoblagichi bo‘lmagan uylardagi ichimlik suvini hisoblashning yangicha me’yorlari kiritildi.
Unga ko‘ra, yangi me’yorlar suv iste’moli uchun xarajatlarni qisqartirib, iste’molchilar uchun hisob-kitob tizimining shaffofligini oshiradi. Shuningdek, amaliyotda qo‘llanilayotgan mazkur me’yorlar bo‘yicha 2022 yil 1 fevraldan boshlab, ko‘p kvartirali va hovli uylarda kuniga 350 litr bo‘lgan yagona me’yor qo‘llanilmoqda. Avtomashina va uy hayvonlari uchun mavjud bo‘lgan boshqa me’yorlar chiqarib tashlandi. Suv sepish uchun me’yor 15 litrgacha kamaytirildi.
“O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-2024 yillarda “O‘zsuvta’minot” AJ tasarrufidagi suv inshootlariga, magistral va ko‘cha boshi tarmoqlariga jami 15 ming 579 ta suv hisoblagichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Suv hisoblagichlarini o‘rnatish iste’molchilar uchun har tomonlama qulaydir. Zero, suv hisoblagichlarini o‘rnatish suv sarfini aniq monitoring qilish va shu tariqa ortiqcha suv sarflanishining oldini olish, shuningdek, ma’lumotlarni masofadan turib yuborish imkonini beradi. O‘tgan davr mobaynida suv hisoblagichlari o‘rnatilishi natijasida suv sarfi uch barobargacha kamayishiga erishildi.
Xo‘sh, agar har oyda suv hisoblagich ko‘rsatgichi ma’lumotlari suv idorasiga taqdim qilinmasa, suv sarfi me’yor bo‘yicha hisob-kitob qilinadimi?
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Buxoro viloyati hududiy tuzilmasi mas’ul xodimi Abdulaziz Rajabovning ta’kidlashicha, hisob-kitob davrida suvni hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlari iste’molchi tomonidan taqdim etilmagan holatlarda ISKX tashkiloti ushbu va keyingi davr hisob-kitoblarini ichimlik suv va oqova suv sarfining o‘rtacha sutkalik normasi asosida, shu oyda amalda bo‘lgan tariflar bo‘yicha iste’molchi tomonidan keyingi ko‘rsatkichlar taqdim etilgungacha (yoki ISKX tashkiloti vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlari nazorat uchun olinib, qayd qilingungacha) amalga oshirish huquqiga ega.
Iste’molchi tomonidan keyingi ko‘rsatkichlar taqdim etilgan yoki ISKX tashkiloti vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlari nazorat uchun olinib, qayd qilingan taqdirda ISKX tashkiloti ishlatilgan ichimlik suv va chiqarilgan oqova suv hajmini o‘rtacha sutkalik sarf hisobida, suvni hisobga olish asbobining avvalgi qayd qilingan ko‘rsatkichi davridan boshlab qayta hisob-kitob qilishi lozim. Bunda to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinayotgan oydagi tariflar asosida hisoblab chiqilishi belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 21-moddasida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Shartnomaga iste’molchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritish, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik taqiqlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA