English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv hisobini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi qurilmalar o‘rnatiladi
15:06 / 2024-02-07

Butun dunyoda dolzarb bo‘lib borayotgan suv tanqisligining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish borasida muhim vazifalar belgilanmoqda.

Xususan, 1,5 ming kilometr yirik kanallarni betonlashtirish, 6 ming 113 ta suv xo‘jaligi ob’ektida suv hisobini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi qurilmalarni o‘rnatish, 2 ming 647 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ida sizot suvlari sathi monitoringini avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazish maqsadga muvofiq. 

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi muhokamasi jarayonida yuqorida qayd etilgan masalaga alohida e’tibor qaratildi. 

Davlat dasturi loyihasida joriy yilda paxta va g‘alla ekinlari hosildorligini oshirish, jumladan, paxta hosilini o‘rtacha 45-50, g‘alla bo‘yicha 80-100 sentnerga yetkazish maqsad qilingan. 

Ushbu ekinlarning yangi, tezpishar, serhosil navlarini tanlash va joylashtirish, tanlab olingan navlar maydonini har yili kamida o‘n foizga kengaytirib borish darkor. Tejamkor texnologiyalarni ekin maydonlarining 40-50 foizida joriy etish, olimlarni agroklasterlarga biriktirish hamda ilmiy asoslangan tavsiyalar berish, tuproq unumdorligi past bo‘lgan paxta maydonlarida almashlab ekish tizimini kengaytirish zarur. 

Chorvachilikda yillik o‘sish sur’atini kamida 3,8 foizga yetkazish, ipak mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,2 barobarga, eksport hajmini 1,5 barobarga oshirish, agrar sohani zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yilmoqda. 

Loyihada quvvati 45 ming tonna bo‘lgan 11 ta agrologistika markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligida xavfli pestitsidlardan foydalanishni tartibga solish, meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmini kamida 2,5 milliard dollarga yetkazish belgilangan. 

Majlisda oziq-ovqat xavfsizligini va ekinlardan yuqori hosil olishni ta’minlashga hamda qishloq xo‘jaligida yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan masalalarga ham e’tibor qaratildi. 

Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 100 trillion so‘mdan oshirish, ya’ni joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 25 foizdan oshirish, jumladan, meva-sabzavotni 3,2 million tonnaga, go‘shtni 450 ming tonnaga, sutni 3 million tonnaga hamda oziq-ovqat mahsulotlari ulushini 40 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 

Shu bilan birga, xususiy sektor bilan hamkorlikda 13 ta yangi o‘simliklar klinikasini, aholi xonadonlarida biolaboratoriyalarning 400 ta mavsumiy shoxobchalarini tashkil etish orqali 1,2 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan. 

Qizg‘in muhokamalardan keyin senatorlar, ekspertlar guruhi a’zolari hamda mutaxassislar tomonidan Davlat dasturi loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar berildi. 

N.Abduraimova, O‘zA