Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 sentyabrda suv havzalarida harakatlanish bilan bog‘liq qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan boshlab tabiiy va sun’iy suv havzalarida, faqat tezlikni avtomatik pasaytirish uskunasi bilan jihozlangan (harakatlanish maksimal tezligi 40 km/soatdan oshmaydigan motorli qayiqlar bundan mustasno), GPS uskunasi o‘rnatilgan hamda milliy GPS monitoring va navigatsiya tizimiga ulangan motorli (ichki yonuv dvigatelli) va elektromotorli suv transport vositalarida foydalanishga ruxsat etiladi.
Suv transporti vositalarining ruxsat etilgan harakatlanish maksimal tezligi 40 km/soat, kemalar to‘xtash joylari hamda aholi turar joylari chegaralarida – 20 km/soat, shuningdek, plyajlar va aholi ommaviy dam olish joylari chegaralarida 5 km/soat etib belgilanadi. 2025 yil 1 maydan boshlab yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suv transporti vositalaridan (bundan elektromotorli suv transporti vositalari mustasno) foydalanish natijasida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi uchun quyidagi miqdorlarda yillik kompensatsiya to‘lovlari undiriladi.
Motorli qayiqlar va gidrotsikllar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, kater uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari, yaxtalar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Shuningdek, motorli (ichki yonuv dvigatelli) suv transporti vositalari (shu jumladan, foydalanishda bo‘lgan) kompensatsiya to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganidan so‘ng yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi, kompensatsiya undirishdan tushgan mablag‘lar Ekologiya jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
«Chorvoq» suv omborida motorsiz, maxsus vazifalarni bajarish vakolatiga ega bo‘lgan vazirlik va idoralarning hamda tezlikni avtomatik pasaytirish uskunasi bilan jihozlangan, GPS uskunasi o‘rnatilgan va yagona milliy GPS monitoring hamda navigatsiya tizimiga ulangan motorli suv transporti vositalarining harakatlanishi, shuningdek, Chirchiq daryosi va uning irmoqlarida (maxsus ajratilgan suv havzalaridan tashqari) cho‘milish, transport vositalarini yuvish va maishiy chiqindilarni tashlash ta’qiqlanadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA