Suv – hayot manbai, tabiatning bebaho ne’mati. Sayyoramizdagi har bir mavjudot: inson, hayvon yoki o‘simliklar suvsiz hayot kechira olmaydi. Yer yuzining 70 foizi suv bilan qoplangan bo‘lsa-da, uning atigi 1 foizigina ichimlikka yaroqli ekani insoniyatni jiddiy o‘ylantirishi lozim.
Aholining o‘sishi, sanoat va qishloq xo‘jaligining rivojlanishi natijasida suv resurslariga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Bugun suv tanqisligi nafaqat jahon mamlakatlarini, balki O‘zbekistonni ham jiddiy tashvishga solayotgan global muammolardan biriga aylandi.
Afsuski, ayrim hollarda hali ham jamiyatda suvga bo‘lgan munosabatda bee’tiborlik kuzatiladi. Bobokalonlarimiz “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” deb bejiz aytmagan. Vaholanki, jo‘mrakdan oqib turgan har bir tomchi suv sekin-asta yo‘qolib borayotgan boyligimizdir.
Masalan, ochiq qoldirilgan jo‘mrakdan bir daqiqada o‘rtacha 6-15 litr suv behuda sarf bo‘ladi. Avtomashinalarini yuvish uchun o‘nlab litr toza ichimlik suvini sarflayotgan ba’zi fuqarolar qaysidir hududlarda odamlar soatlab suv kelishini kutayotgani haqida o‘ylab ham ko‘rmasa kerak. Qishloq xo‘jaligidagi egatlab sug‘orish tizimlarining samarasizligi esa suvning katta qismi yerga singib ketishiga, natijada yer sho‘rlanishi va hosildorlikning pasayishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, aholi o‘rtasida ichimlik va oqova suvlar bo‘yicha qarzdorlik ham ortib bormoqda. “O‘zsuvta’minot” kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki yarim yilligida iste’molchilarning umumiy qarzdorligi milliardlab so‘mni tashkil etib, uning asosiy qismi aholi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Aslida foydalanilayotgan suv uchun haq to‘lamaslik – bu nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy jihatdan ham bebaho boyligimizga nisbatan e’tiborsizlikdir.
Bugun O‘zbekistonda mavjud suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida sarflanadi. Shuni hisobga olgan holda Prezident tashabbusi bilan 2019 yildan boshlab suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Hozirgi kunda 558 ming gektar yerda tomchilatib sug‘orish, 88 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 59 ming gektarda esa diskret sug‘orish tizimlari qo‘llanilmoqda. Ilgari bu tizimlar uchun uskunalar xorijdan keltirilgan bo‘lsa, bugun ularning katta qismi mamlakatimizda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
2023 yilda tashkil etilgan “Suvchilar maktabi” esa sohadagi mutaxassislarning malakasini oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Barcha viloyatlarda zamonaviy o‘quv xonalari va suvni tejovchi texnologiyalar bilan jihozlangan tajriba maydonlari barpo etildi. Shu orqali 70 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi rahbarlari hamda suv xo‘jaligi xodimlari qisqa muddatli kurslarda bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025 yil 30 iyul kuni imzolangan yangi Suv kodeksi esa sohadagi huquqiy asoslarni tubdan yangiladi. 6 bo‘lim, 29 bob va 165 moddadan iborat mazkur hujjatda suv resurslarini boshqarish, ulardan umumiy va maxsus tarzda foydalanish, suv fondi yerlari hamda sohani tartibga soluvchi vazirlik va idoralar faoliyati belgilangan. Kodeks 31 oktyabrdan amalga kirdi.
Suv – eng muhim hayotiy resurs. Undan oqilona foydalanish va har bir tomchisini avaylash faqat davlat organlari yoki ekologlar emas, balki butun jamiyatning burchidir. Suvni tejash tabiatni, inson hayotini va kelajakni asrab qolish demakdir.
Lola Toshtemirova,
O‘zJOKU talabasi