O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekopartiya fraksiyasi hamkorligida O‘zbekiston Milliy universitetida "Suv-botqoq hududlari – bioxilma-xillik asosi" mavzusida seminar tashkil etildi.
Butunjahon suv-botqoq hududlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan seminarda parlament quyi palatasi deputatlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda ekofaollar, olimlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga 1971 yilda qabul qilingan Ramsar konvensiyasining ahamiyati xususida ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanganidek, suv-botqoq hududlar biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishlariga moslashish va ekotizimlar barqarorligida muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda mamlakatimizdagi 5 ta suv-botqoq hududi Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, yana bir qator ob’ektlarni ushbu ro‘yxatga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Respublikamizda suv-botqoq hududlar maydoni 1 million gektardan ortiq bo‘lib, ular ko‘chib yuruvchi qushlar uchun muhim qo‘nim joy hisoblanadi.
Tadbirda bugungi ekologik vaziyatda mavjud tabiiy hududlarni borligicha saqlab qolish, suv-botqoq hududlar va ulardagi hayvon va qushlarni asrab-avaylash dolzarb ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Bu borada talaba-yoshlar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
M.Komilova, O‘zA