Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv – bebaho gavhar
18:32 / 2023-10-19

Xalqimizda “suvtekin” degan ibora bor. U odatda “bepul emas, ammo o‘ta arzon” degan ma’noda ishlatiladi. Odamlar ariqlardan bemalol suv ichishgan zamonlarda suv haqiqatan deyarli tekin bo‘lgandir, ammo bunday ta’rif bugungi reallikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Ichimlik suvi hajmi, ayniqsa, bizning mintaqada juda cheklangan va aholi ehtiyoji ortib borgan sari u yanada kamayib bormoqda. Bundan tashqari, aholining ichimlik suv ta’minoti katta xarajatlarni talab etadi. Shunday ekan, suv tejab ishlatilgandagina, uni hammaga yetkazish mumkin. Tejamkorlikka esa birinchi navbatda real tannarxni qoplay oladigan va odamlarni suv isrof qilmaslikka majbur qiladigan darajada bo‘lgan tariflar bilan erishiladi.  

Suv ta’minoti yaxshi yo‘lga qo‘yilgan istalgan davlatni oling, tejamkorlik hissi madaniyatning ajralmas bo‘lagiga aylangan. Ammo tan olib aytish kerakki, hozirgi tariflar bilan aholi o‘rtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirib bo‘lmaydi. Suv qancha arzon bo‘lsa, uni shuncha isrof qilamiz. Bu inson tabiatiga xos. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi, motivatsiya berishi va majbur qilishi mumkin. Hozirga kelib, ichimlik suv ishlab chiqarish va uni aholiga yetkazib berish suvni jamlash, tozalash, har soatda laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish, minglab kilometrlik quvurlar va nasoslar orqali markazlashgan tarzda tashish singari bir nechta murakkab bosqichlardan o‘tadi.  

O‘zbekiston hududida ichimlik suvi ta’minotining 42 foizi yer osti va 58 foizi yer usti suv manbalaridan ishlab chiqariladi. Bugungi kunda 1 m3 ichimlik suvini ishlab chiqarish o‘rtacha tannarxi 1 681 so‘mni tashkil etmoqda.  

Xo‘sh, tannarx shakllanishiga asosiy ishlab chiqarish xarajatlaridan boshqa yana qanday omillar ta’sir qiladi? Bu haqida “O‘zsuvta’minot” AJ boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sultonxo‘ja Dadaboyev batafsil ma’lumot berdi.  

Tariflar so‘nggi 3 yildan buyon o‘zgarmay kelayotganligi natijasida o‘rta hisobda 40 foizga oshgan tannarx xarajatlari hisobidan 960 milliard so‘m qoplanmasdan qolgan. Bu esa qo‘shimcha qarz xarajatlarini keltirib chiqaradi. So‘nggi 3 yilda iste’molchilar soni 3,2 million nafarga (808 ming abonent) oshgan. Ularga ichimlik suv yetkazib berish esa yanada ko‘proq mehnat va xarajatni talab etishi tabiiy. Shuningdek, suvni uzoq masofaga yetkazish juda katta elektr energiyasi talab etuvchi nasoslar orqali amalga oshiriladi. Qolaversa, bu yil elektr energiyasi xarajatlari oshganini ham eslab o‘tish joiz. Muntazam ravishda yuzaga keladigan avariya holatlarini bartaraf etish, tarmoqlarni joriy va mukammal ta’mirlash xarajatlari. Xullas, ichimlik suv ta’minoti tizimida bozor narxlari mexanizmlariga o‘tish vaqti yetib kelgan.  

Bugungi kunda 1 metr kub ichimlik suv tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy ta’mirlash xarajatlari 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb etilgan kreditlarni qaytarish xarajatlari 21 foizni, ish haqi xarajatlari 29 foizni, amortizatsiya va boshqa xarajatlar 4 foizni tashkil etadi. Tannarxning oshishiga qo‘shimcha omillar ham ta’sir qilmoqda.  

Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ichimlik suvi tanqisligi dolzarb muammolardan biri. Buni aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74,4 foiz ekanidan ham anglash mumkin.  

Arzon narsa hech qachon qadrlanmaydi. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi mumkin. Masala jiddiyligiga bugun olimlar, jamoatchilik alohida e’tibor qaratmoqda. Suv taqchilligi barcha muammolarni kuchaytirmoqda. Tahlillar esa vaziyatning naqadar qaltisligini ko‘rsatmoqda. Qat’iy tejamkorlikka o‘rganmas ekanmiz, yaqin kelajakda vaziyat o‘ta jiddiylashib ketishi mumkin. Jahon banki tahlillariga ko‘ra, 2050 yilga borib O‘zbekistonda suvga bo‘lgan talab 59 kub kilometrdan 62-63 kub kilometrgacha oshadi va mavjud suv resurslari 57 kub kilometrdan 52-53 kub kilometrgacha kamayadi. Bu esa joriy suv tanqisligini besh barobarga oshiradi. Ichimlik suvi ta’minotidan foydalanishda asosiy xavflar – chuchuk suvning taqchilligi, foydalanish uchun raqobat, uning ifloslanishi, qurg‘oqchilik va boshqalardan iborat.  

So‘nggi paytda O‘zbekistonda suv narxi arzonligi bois uni isrof qilish holatlari ko‘paygani jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Tarif narxlari oshishida birinchi navbatda suv isrofini kamaytirish va bozor narxlarini joriy qilish orqali, undan unumli foydalanish darajasini oshirish nazarda tutilmoqda. Umuman olganda, ayni paytda ko‘plab mutaxassislar hukumatning suv tanqisligi muammosiga yangi yondashuvlar bilan kirib borishi muhim ahamiyatga egaligini takrorlamoqda. Bu jarayonda aholining suvga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish zarur. Ichimlik suvi basseyn to‘ldirish, bog‘ sug‘orish yoki avtomobil yuvishga emas, iste’mol uchun sarflanishi kerakligini tushunib yetish lozim. Mavjud vaziyat aholini suv bilan ta’minlash masalalarida bozor narxlari mexanizmlariga o‘tish zarurligidan dalolat beradi.  

Yangi tariflarda pul to‘lashni boshlagan xonadonlar endi undan xo‘jasizlarcha foydalanishni to‘xtatadi. Qolaversa, bu mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangilarini qurish imkonini ham beradi. Ikkinchidan, so‘nggi yillarda yurtimizda markazlashgan ichimlik suvi tannarxi va undan foydalanish uchun belgilangan suv tariflari orasidagi tafovut kattalashdi. Bu yo‘nalishdagi mavjud holat ichimlik suvi yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilishga to‘sqinlik qilmoqda.  

Xulosa qilib aytganda, respublika bo‘yicha elektr energiya, reagentlar, tarmoqlarni joriy va mukammal ta’mirlash bo‘yicha sohada qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelgan. Bu xarajatlar 3 yil oldin tasdiqlangan amaldagi tariflarda ko‘zda tutilmagan. Uchinchidan, viloyatlarda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv hamda kanalizatsiya inshootlari barpo etilishi zarur. Bundan tashqari, ish haqi, elektr-energiya, soliq to‘lovlari, xorijiy kreditlar to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lib, joriy va kapital ta’mirlash, tizimni modernizatsiya qilish ishlarida ham sarf-xarajatlar talab etiladi. Shundan kelib chiqib, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlanmoqda.  

Taklif etilayotgan yangi tariflar orqali keladigan qo‘shimcha mablag‘lar hisobiga tarmoqlar joriy va mukammal ta’mirlanib, avariya holatlarini qisqa muddatlarda bartaraf etish imkoni yaratiladi. Bu esa, albatta, suv yo‘qotishlar darajasini qisqartirishga xizmat qiladi.  

O‘zA muxbiri Nilufar Bozorova yozib oldi