Jizzax viloyatida suv resurslaridan to‘g‘ri foydalanish va irrigatsiya tizimini mustahkamlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu jarayon, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 sentyabrdagi “Suv ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 dekabrdagi “Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning amaliy ifodasidir.
Sangzor daryosi va undan suv oluvchi kanallar o‘zanlarini tozalash hamda qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari viloyatda suvdan foydalanish samaradorligini oshirishda muhim bosqich hisoblanadi.
Xususan, Sharof Rashidov tumanidagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan “Olmachi” kanalida olib borilayotgan betonlashtirish ishlari ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.

Loyiha doirasida suv yo‘qotilishini keskin kamaytirish, irrigatsiya inshootlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish hamda kanallarning barqaror faoliyatini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bugungi kunga qadar ob’ektning 600 metr qismida beton ishlari yakuniga yetkazilib, kanal va qirg‘oqlarning chidamliligi hamda mustahkamligi ta’minlandi. Barcha ishlar loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Qurilish jarayonlariga 3 ta ekskavator, 1 ta buldozer va 5 ta maxsus texnika jalb etilgan. Zamonaviy texnikalar yordamida kanal o‘zani tozalanib, asosiy qatlam zichlanmoqda, beton quyish esa yuqori sifat talablari asosida bajarilmoqda. Jarayonlarda 40 nafar malakali ishchi-xodimlar ishtirok etib, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilgan holda kunu-tun mehnat qilmoqdalar.

Loyiha to‘liq yakunlangandan so‘ng, “Olmachi” kanalida suv ta’minoti yanada barqarorlashib, sug‘oriladigan maydonlarda suv taqsimoti yaxshilanadi. Eng muhimi, suv yo‘qotilishi kamayib, Jizzax shahri, Sharof Rashidov tumani va yaqin hududlarda qishloq xo‘jaligi uchun qulay shart-sharoit yaratiladi. Bu esa yangi qarorlar ruhini amalda namoyon etgan holda, suv resurslaridan oqilona foydalanish madaniyati va tizimining yanada takomillashishiga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari