English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sustkashlikka chek qo‘yish vaqti keldi
15:37 / 2026-01-09

Sirdaryo viloyatida sport ta’lim muassasalari faoliyatiga nisbatan talab va mas’uliyat yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish ana shu qat’iy yondashuvning yaqqol ifodasi bo‘ldi.

Unda sport maktablarida murabbiylar faoliyati, mashg‘ulotlar sifati hamda seleksiya ishlarining holati atroflicha tahlil qilinib, yillar davomida to‘planib qolgan muammolar ochiq va tanqidiy ruhda muhokama qilindi.

Yig‘ilishda bildirilgan keskin tanqidlar va belgilangan aniq vazifalar asosida viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov rahbarligida ishchi guruh tashkil etildi. Mazkur guruh Xovos tumanidagi 1- va 2-sonli  sport maktablarida holatni joyida baholadi. O‘rganishlar natijalari sport maktablari rahbarlari va murabbiylar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda yana bir bor jiddiy va prinsipial muhokama qilindi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, so‘nggi yillarda olimpiya sport turlari bo‘yicha natijalar keskin pasaygan. Terma jamoalar uchun istiqbolli sportchilar zaxirasini shakllantirish, unvonli sportchilar tayyorlash va mashg‘ulotlarni zamonaviy hamda ilmiy asosda tashkil etish bo‘yicha qator sport maktablarida jiddiy sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Ayrim murabbiylarning ishga formal yondashuvi natijadan ko‘ra jarayon bilan cheklanib qolishi keskin tanqid ostiga olindi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan qat’iy choralar ko‘rildi. Jumladan, 8 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 13 nafar xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Shuningdek, mashg‘ulotlari qoniqarsiz deb topilgan 9 nafar murabbiyning mashg‘ulot guruhlari tugatildi. Bu qarorlar sohadagi mas’uliyatsizlik va befarqlikka nisbatan murosasiz munosabatning yaqqol belgisi bo‘ldi.

Yig‘ilish davomida tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Xovos tumani 1-sonli sport maktabi direktori vazifasini bajaruvchi etib, viloyat Sport boshqarmasining Ixtisoslashtirilgan sport maktablari bilan ishlash bo‘limining boshlig‘i Erkin Yo‘lchiyev tayinlandi. Unga qisqa muddatda muassasa faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish va natijadorlikni ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilish yakunida soha mas’ullari sport maktablarida mavjud muammolarni kechiktirmasdan bartaraf etish, seleksiya ishlarini kuchaytirish, murabbiylar malakasini oshirish va eng muhimi — natijaga yo‘naltirilgan samarali tizimni shakllantirish zarurligini alohida ta’kidladilar. Bu jarayonda barcha xodimlar shaxsiy manfaatlardan ustun qo‘yilgan, bir maqsad sari intiluvchi yagona jamoa sifatida ishlashi lozimligi qayd etildi.

Mazkur tanqidiy yig‘ilish sport sohasida faqat hisobot uchun emas, balki aniq natija va yuqori marralar uchun ishlash davri boshlanganini ko‘rsatdi. Endi esa sohada so‘z emas, amal, va’da emas, natija hal qiluvchi mezon bo‘lishi shart.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri