Nepal prezidenti Ram Chandra Paudel mamlakat Oliy sudining sobiq raisi Sushila Karkini muvaqqat hukumat rahbari etib tayinladi. Xabar qilinishicha, Paudel namoyishchilarning bosimiga taslim bo‘lgan. U shuningdek, vakillar palatasini (Nepal parlamentining quyi palatasi) tarqatishga va favqulodda holat e’lon qilishga ham rozi bo‘lgan.
Avvalroq, norozilik namoyishi ishtirokchilari Karkini bosh vazirlik lavozimiga asosiy nomzod sifatida tanlagani e’lon qilingan edi. U Nepalda korrupsiyaga qarshi faol kurashuvchi sifatida tanilgan. 73 yoshli Karki 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan keyingi parlament saylovlarigacha hukumatni boshqarib turadi.

– Biz halol siyosiy lider xohlaymiz, -dedi namoyish ishtirokchilaridan biri Biraj Aryal. – Karki mamlakat qonunlari va tizimlarini yaxshi tushunadi. U biz uchun munosib nomzod.
Mamlakat sharqidagi Morang hududida tug‘ilgan Sushila Karki 2016 yilda Nepalning birinchi ayol bosh sudyasi etib tayinlangandi. Aynan sud hokimiyatini boshqargan davrida u korrupsiyaga toqat qilmasligi bilan tanilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Nepalda shu hafta boshida korrupsiyaga va hukumatning ijtimoiy tarmoqlarni bloklash qaroriga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. “Z avlod” namoyishlari nomini olgan noroziliklar politsiya bilan to‘qnashuvlarga olib keldi.

Oqibatda 51 kishi halok bo‘ldi, 1700 dan ortiq odam turli jarohatlar oldi. Norozilik aksiyalari natijasida hukumat ijtimoiy tarmoqlarni bloklashni bekor qildi, bosh vazir Sharma Oli esa iste’foga chiqdi.
O‘.Alimov, O‘zA