Mamlakatimizda O‘zbekiston Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Saylovni kuzatish uchun kelgan xalqaro kuzatuvchilar ushbu muhim siyosiy jarayon haqida o‘z fikrlarini bildirmoqda.
– O‘zbekiston Prezidenti sayloviga xalqaro kuzatuvchi sifatida taklif etilganman, – deydi Hindiston saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra. – Yurtingizda Prezident sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. Markaziy saylov komissiyasida bo‘lganimizda, bu haqda ma’lumot berishdi.
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan tanishdik. O‘zbekistonda fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash, saylovlarni shaffof, ochiq va adolatli o‘tkazish uchun zarur asoslar yaratilgan. Saylovda moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, barcha nomzodlarga teng imkoniyat berish bo‘yicha qilingan ishlar ham e’tiborga molik. Saylov tashviqoti, kurashlarni teng sharoitlarda olib borishda bu juda muhim.
Kuzatuv jarayonida pandemiya davrida saylovni xavfsiz o‘tkazish uchun zarur choralar ko‘rilganiga ham amin bo‘ldik. Biz O‘zbekiston Prezidenti saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tilab qolamiz.
O‘zA muxbiri
Gulnoza Boboyeva
yozib oldi.