Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxonning zarrin tonglari
04:28 / 2022-06-26

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi va viloyat hokimligi muassisligidagi “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyati qariyb bir asrlik tarixga ega. Gazeta yillar davomida mushtariylar diqqatini o‘zida tutib qola olgan nashrlardan biri. Bugun tahririyat jamoasiga respublika nashrlarida ishlovchi hamkasblari ham havas qilishi tabiiy.

– Prezidentimizning matbuot va ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan yuksak e’tibori, mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati natijalarini tahririyatimiz faoliyatida ko‘rib, his qilyapmiz, - deydi tahririyat bosh muharriri Salohiddin Norqobilov. – Hamkasblarimizning tomidan chakki o‘tib, noqulay va ish sharoiti deyarli yo‘q xonalarda ishlashga majbur bo‘lgan yillari endi tarixda qoldi. Tahririyatimiz muassisi – viloyat hokimligining amaliy ko‘magi bilan bundan to‘rt yil oldin Termiz shahridagi “Matbuot uyi” binosi tubdan  ta’mirlanib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili tahririyatimiz uchun alohida yangi bino qurib bitkazildi. Keksa yoshdagi hamkasblarimizning ta’kidlashicha, vohamiz tarixida ijodkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bugungidek bo‘lmagan ekan.

[gallery-7716]

Tahririyatning zamonaviy mebel jihozlari hamda zarur orgtexniklar bilan jihozlangan keng va shinam xonalari kishi havasini uyg‘otishi tabiiy. Ma’naviyat va ma’rifat xonasi, tibbiyot punkti, jismoniy mashg‘ulotlar uchun fitnes zali, oshxona, kutubxona xodimlar ixtiyorida. Shuningdek, tahririyat tasarrufidagi bo‘sh yer maydonidan unumli foydalanish maqsadida issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, unda limon, pomidor, bodring kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda.

– Tahririyatimizda xodimlar ish vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning sog‘ligiga g‘amxo‘rlik qilishga alohida e’tibor qaratilgan, - deydi tahririyat Kasaba uyushmasi raisi Hasan Tangirov. – Xodimlarga ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarish uchun bir soatlik ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffus belgilangan. Bunda esa tahririyatimizda tashkil etilgan sport zali qo‘l kelmoqda. Shuningdek, jamoaning madaniy hordiq chiqarishi uchun teatr va muzeylarga, viloyatimizning ekoturizm rivojlangan manzillariga sayohatlar tashkil etilayotir. Qolaversa, ijodiy uchrashuvlar, soha faxriylari bilan kechayotgan suhbatlar tahririyat faoliyatida yuqori natija berayotir.

Yaqin yillargacha viloyat gazetalari asosan Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi bosmaxonalarda chop etilar edi. Bu chop etilgan gazetalarning viloyat markaziga olib kelinishida, ularning obunachilar qo‘liga yetib borishida kechikishlarni keltirib chiqarayotgan edi. Qolaversa, tahririyatlar o‘z mablag‘i hisobiga gazetalarni texnika yollab keltirar, vaqt va ortiqcha mablag‘ sarfi kuzatilayotgan edi. Surxondaryo viloyati hokimligining voha matbuotiga bo‘lgan e’tibori hamda bevosita yordami bilan “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyati yangi zamonaviy chop etish uskunasi bilan ta’minlandi. Bugun mazkur bosmaxonada viloyatning o‘nlab gazetalari tez va sifatli chop etilayotir.

Bir so‘z bilan aytganda, “Surxon tongi” va “Zarya Surxana”ning zarrin tonglari ota boshladi. Yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning yuksak namunasi gazeta sahifalarida, ijodiy jamoaning ko‘tarinki kayfiyatida namoyon bo‘layotir.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda “Surxon tongi” gazetasi 14 ming 417 nusxada, “Zarya Surxana” gazetasi 2 ming 203 nusxada chop etilmoqda.




Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan (surat),O‘zA