“Baliqlar suzib yuradigan zilol buloq suvimiz qandli diabetga davoligi bilan tanilgan. Bu suvni izlab keluvchilar yil sayin ko‘payib bormoqda”
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi tog‘li Sayrob va Sherobod tumanidagi Chorbog‘ mahallalariga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi.
Xushmanzara tabiat qo‘ynida joylashgan Sayrob tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan noyob yodgorliklari, ma’danli, zilol buloq suvi, shifobaxsh giyohlari, kamalak rangidek tovlanadigan ekologik toza mevalari bilan tanilgan. Uzundara shahristoni, go‘zal tabiat manzaralari, shu yerlik aholiga xos milliy urf-odatlari, sertakalluf odamlari bilan sayyohlar qalbidan joy olgan.


Qadimiy qishloq turli tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan azim chinorlari bilan ham shuhrat qozongan. Uzunligi 26 metrli chinor kovagining balandligi yetti metrni tashkil etadi. To‘g‘ri uchburchak shaklidagi kovak og‘zi mehrobli eshikni eslatadi. Tarixchilar qariyb ming yoshli chinor kovagi o‘tgan asr boshlarida eski maktab sifatida xizmat qilganini aytishadi. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng qishloq kengashi idorasiga aylantirilgan. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida birinchi otliq askarlar polkining lager kutubxonasi, savdo do‘koni bo‘lgan. Ayni paytda noyob tarixiy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan chinorlar kovagi mo‘’jazgina muzeyga aylantirilgan. Undagi turli davrlarga oid rang-barang osori-atiqalar mahalliy va xorijlik turistlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Mahallamiz hududidagi Xo‘jai bibisabz, Xo‘jai chilla, Xo‘jai Muhammadshoh kabi muqaddas ziyoratgohlarning ham o‘z tarixi bor, – deydi “Sayrob” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.Shamsiyev. – Baliqlar suzib yuradigan zilol buloq suvimiz qandli diabetga davoligi bilan tanilgan. Bu suvni izlab keluvchilar yil sayin ko‘payib bormoqda. Ushbu tantanali tadbirda mahallamizga “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgani qadimiy va sayyohlik salohiyati baland qishloqda yashayotgan xalqimizning faxr tuyg‘usini yanada yuksaltirdi.


Tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan hududga mahalliy va xorijlik sayyohlar oqimining ko‘payib borayotgani mahallada turistlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish hamda sifatli xizmat ko‘rsatishga intilishni kuchaytirdi. Shu bois mehmon uylari, turli xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilib, “Turizm qishlog‘i” maqomini olish uchun yetarli qulaylik yaratildi.
Surxondaryo viloyati tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari, eko, agro, etno, ekstremal, gastro va tibbiyot turizmi bilan tanilayotgan hudud. Keyingi yillarda soha yangi bosqichda rivojlanib, yuksalishga yuz tutmoqda. Yildan-yilga xorijlik va mahalliy sayyohlar soni ortib borayotir. Jumladan, o‘tayotgan yilda qadimiy vohaga bir milliondan ortiq xorijlik va uch million mahalliy turist kelib, boy taassurotlar bilan qaytdi. Turizm xizmatlari eksporti qariyb 110 million dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlarda Sherobod tumanidagi Chorbog‘ mahallasining ham o‘z hissasi bor.


Ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada sayyohlar uchun 20 dan ortiq oilaviy mehmon uyi, shinam mehmonxona, xostel, davolanish, dam olish uchun 50 dan ortiq zamonaviy dam olish maskani va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mavjud. Sayyohlar uchun ta’mi og‘izda eriydigan tandir patir, xushbo‘y tog‘ archasi hidi ufurib turadigan tandir go‘shtini pishirish bo‘yicha mahorat darslari yo‘lga qo‘yilgan.
Osmono‘par tog‘ qo‘ynidagi mahalla hududidagi Xo‘jaikon tuz g‘ori shifobaxshligi bilan tibbiyot turizmi shaydolarida katta qiziqish uyg‘otib keladi. Tabiiy tuzlardan hosil bo‘lgan nafis san’at galereyasini eslatadigan noyob g‘or xonalarining harorati, namligi, bosimi va mikroiqlimi bir-biridan farq qilib, o‘ndan ortiq kasallikka malham bo‘ladi.


Joriy yilda so‘lim go‘shadagi “Xo‘jaikon” tuz koni hududida Eronning “Kapa yurt salt taun” mas’uliyati cheklangan jamiyati Germaniyaning “Bizayla” kompaniyasi hamkorligida qiymati 50 million dollarga teng “Salomatlik turizmi” shaharchasini bunyod eta boshladi. Yangi loyiha 2025-2035 yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilib, hududning tabiat in’om etgan imkoniyatlarini zamonaviy turizm va iqtisodiyot rivojiga yo‘naltiradi. Buning uchun besh yuz sayyohga mo‘ljallangan mehmonxona va kapsula uylar quriladi. Tuzli basseyn va vannalar, sog‘lomlashtirish markazlari barpo etiladi. Amfiteatr, hunarmandchilik markazi, tuz muzeyi bunyod etish rejalashtirilgan. Sun’iy tuz ko‘li va yashil maydonlar yaratilib, hududda elektr energiyasi, gaz, internet, mobil aloqa sifati yanada oshiriladi. Temir yo‘l infratuzilmasiga bog‘lanadi. “Toxirshoh ota” maqbarasi obodonlashtirilib, ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratiladi.
Yakunlanayotgan yilda bu yerda 20 ming chet ellik va 96 ming mahalliy sayyoh dam olib, davolangan bo‘lsa, loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga o‘rtacha 200 ming mahalliy va xorijlik turist kelishi, 250 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi, viloyatdagi eng gavjum tibbiy, eko va ziyorat turizmi maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.


– Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan berilgan bu maqom mahallamiz ahliga yanada katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi “Chorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisasi Sh.Abdullayeva. – Shuningdek, zamonaviy infratuzilma tubdan rivojlanib, turistlar oqimi ko‘payadi. Yanada obod, ko‘rkam hududga aylanib, odamlarning turmush darajasi oshadi. Mahallamizga Yangi yil arafasida “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgani mehmonnavoz xalqimiz uchun unutilmas sovg‘a bo‘ldi.
Boysun tumanidagi Sayrob va Sherobod tumanidagi Chorbog‘ mahallasida Turizm qo‘mitasi mutasaddilari, viloyat turizm boshqarmasi va tumanlar hokimliklari mas’ullari, nuroniylar, yoshlar, OAVlar vakillari ishtirok etgan tadbirlarda har ikkala mahalla raisiga “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgani to‘g‘risidagi sertifikat tantanali topshirildi. Bungacha vohaning so‘lim tog‘lari qo‘ynidagi Omonxona, Sina, Sangardak va Nilu mahallalari ham “Turizm qishlog‘i” maqomiga ega bo‘lgan edi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri