Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoning maftunkor tabiat manzaralari
14:19 / 2022-07-24

Surxondaryo viloyatidagi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining "Surxon" davlat qo‘riqxonasi Sherobod tumani Ko‘hitang tog‘ yonbag‘rida joylashgan.

Jazirama yoz tafti tevarak-atrofni cho‘g‘dek qizdirayotgan shu kunlarda ham yashil makon o‘zining salqin, yoqimli havosi, muzdek zilol suvlari, rang-barang o‘simlik va hayvonat dunyosi bilan har qanday insonni o‘ziga maftun etadi. 

23 ming 802 gektar maydonga ega qo‘riqxonaning 12 ming 239 gektardan ortig‘i turfa yashil boylik bilan burkangan. Dengiz sathidan 850 metrdan 3 ming 137 metrgacha balandlikdagi hududda 900 dan ziyod turdagi o‘simlikni uchratish mumkin. 

Surxondaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati O‘zAga taqdim etgan mazkur suratlarda ham qo‘riqxonaning mu’jizaga boy tabiat manzaralari aks etgan. Qo‘riqxonaga kelib, tabiat inom etgan bu go‘zallik iforidan bir zum to‘yib nafas olgan kishi yoz chillasini ham, charchoqlarini ham beixtiyor unutadi. Ruhiyati ko‘tarilib, o‘zini yengil, tetik va mag‘rur his etadi.

Shuningdek, osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi Boysun o‘rmon xo‘jaligi “Yuqori machay” bo‘limining maftunkor tabiati ham shu kunlarda kishiga o‘zgacha zavq, huzur-halovat bag‘ishlaydi. Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati tomonidan suratga olingan bu manzaralar insonni go‘zal tabiat bilan do‘st tutinib yashashga undaydi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA