Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoliklar Navoiy zakosiga ta’zim qildi
15:32 / 2024-02-09

Surxondaryo viloyatida buyuk shoir, faylasuf va davlat arbobi Alisher Navoiy tug‘ilgan kunning 583 yilligi keng nishonlanmoqda.

Sana munosabati bilan erta tongdan Termiz shahridagi Navoiy haykali o‘rnatilgan maydon davlat va jamaot tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, shoir va yozuvchilar, talaba-yoshlar, o‘quvchilar bilan gavjum bo‘ldi.

Muazzam haykal poyida tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Mengnor Ollamurodov va boshqalar so‘zga chiqib, shoir, faylasuf hamda davlat arbobining ibratli hayoti, boy ijodi va asarlarining yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Dunyo adabiyotshunoslari hamon Navoiy merosini katta qiziqish bilan o‘rganayotganida ham chuqur ma’no borligi ta’kidlandi.

–O‘tmishdan ma’naviyati yuksak xalqmiz,– dedi viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov.–Prezidentimiz o‘tgan yilning 16-17 noyabr kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida vohada mamlakatimizda namuna bo‘ladigan “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etish topshirig‘ini bergan edilar, Ayni paytda bu borada keng qamrovli ishlar boshlangan. Kelingizlar, biz, Navoiy hayotini chuqur o‘rganish, asarlarini o‘qish va g‘azallarini yod olish bilan bu ishimizga yangicha fayz bag‘ishlaylik. Bilasizlar, buyuk bobomiz nafaqat shoir, faylasuf, atoqli davlat arbobi, balki yuksak ma’naviyat sohibi sifatida iz qoldirgan. O‘z davrida tahsinga sazovar bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan. Har birimiz Navoiyni yaxshi bilsak, ul zotning yuksak fazilatlaridan ibrat olsak, barcha ishlarimiz baroridan kelaveradi. Buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan ma’naviy qadriyatlarimizni mukammal egallab, Vatanga sodiq, yurtga mehrli, milliy urf-odatlarimizga hurmat ruhida ulg‘aygan yosh avlodni kamolga yetkazamiz. 

Tantanali marosim yakunida Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan anjuman tashkil etildi. Qiziqarli sahna asarlaridan parchalar, nafis g‘azallari asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri
–0–