Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini ochiq, oshkora o‘tkazish uchun 861 ta uchastka saylov komissiyasi faoliyat yuritmoqda. Muhim siyosiy tadbirda saylovchilarning o‘z xohish-irodasini ifoda etishi uchun saylov uchastkalari zamonaviy usulda jihozlanib, erkin ovoz berishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 20 iyundagi qaroriga muvofiq saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan fuqarolar uchun 28 iyundan muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. Shunga muvofiq okrug saylov komissiyasi saylovchilarning muddatidan ilgari ovoz berishi uchun yetarli miqdorda saylov byulleteni bilan ta’minladi. Viloyatdagi saylov uchastkalarida bugun kechga muddatidan oldin ovoz berish yakunlanadi.

Viloyatdagi 131-saylov uchastkasi Angor tumanidagi “Yangiobod” madaniyat markazida joylashgan. Milliy qonunchiligimiz doirasida jihozlangan saylov uchastkasida muddatidan ilgari ovoz beruvchilar uchun zarur qulaylik yaratilib, oldindan ovoz berish istagini bildirgan saylovchilarning murojaatlari o‘rganilib, tegishli tartibda qanoatlantirilmoqda. Jumladan, Mag‘firat Murodova va Manzura Rajabovalar tumandagi 5-maktabgacha ta’lim tashkilotida ishlaydi. Ular saylov kuni qo‘shni viloyatga tadbirga borishni rejalashtirgan.

– Joriy yilning 9 iyul kuni mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir o‘tkazilmoqda, – deydi M.Murodova. – Biz esa shu kuni qo‘shni viloyatda o‘tkaziladigan oilaviy tadbirda qatnashishimiz kerak. Yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, saylov uchastkasiga keldik va o‘z xohishimizni erkin bildirdik. Bungacha nomzodlarning dasturlari bilan ham yaqindan tanishib chiqdik. Konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanib o‘zimizga ma’qul nomzodni qo‘llab-quvvatladik.


Mazkur saylov uchastkasida ro‘yxatga olingan 2 ming 30 nafar saylovchining yuzdan ortig‘i muddatidan ilgari ovoz berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA