Surxondaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida daraxt va buta ko‘chatlari ekilmoqda. Yashil boyliklar avvaldan tanlangan, tuproq va iqlim sharoitiga mos, sug‘orish imkoniyati mavjud maydonlarga o‘tqazilmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanida avtomagistral yo‘li bo‘ylab, tashkil etilayotgan “yashil belbog‘” loyihasini boshlab berdi.

Avtomagistral yo‘l bo‘yida yaratiladigan maxsus tayyorlangan maydondagi bog‘ sug‘orish tizimi va parvarishlash uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Mutaxassislar bu loyiha orqali hududning ekologik barqarorligini ta’minlash, havo tozaligini yaxshilash va changli shamollarning aholi hamda ekotizimga salbiy ta’sirini kamaytirishini aytmoqda.

Viloyat rahbari shu yerning o‘zida “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumida amalga oshirilishi mo‘ljallangan yumushlarni atroflicha muhokama etdi. Hudud va tarmoq rahbarlarining axborotlari tinglanib, daraxt va buta ko‘chatlari ekishni sifatli, manzilli tashkil etish, o‘tqazilgan har bir ko‘chatning parvarishi uchun mas’ullarni biriktirib, rivojlanishini alohida nazoratga olish topshirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Angor tumanidagi serqatnov yo‘l bo‘ylab, kuzgi mavsumda o‘n million dona turli manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish rejalashtirilgan.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri