Surxondaryoda “SMM AI Savodxon” o‘quv kursini tugatgan bir guruh tinglovchilarga sertifikat topshirildi.
O‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi, “Aloqabank” aksiyadorlik tijorat banki va “Mayoq Academy” nodavlat ta’lim muassasasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Mashg‘ulotlar yoshlarning zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ularni raqamli sohada faol bo‘lishga undashga, shuningdek, SMM (Social Media Marketing) va sun’iy intellekt (AI) texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Tinglovchilar olti haftalik o‘quv jarayonida ijtimoiy tarmoqlarda marketing yuritish, sifatli kontent yaratish, auditoriya bilan samarali ishlash, sun’iy intellekt yordamida kreativ va raqamli mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha bepul nazariy hamda amaliy bilimga ega bo‘layotir.

– Shu paytgacha kontent tayyorlash va videolarni ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri joylashtirish bo‘yicha yetarli ko‘nikmaga ega emasdim, – deydi tinglovchi Shamsiddin Bahromov. – “SMM AI Savodxon” o‘quv kursida o‘qib, target reklama qo‘yish, sun’iy intellektda ishlash, videoroliklarni to‘g‘ri tayyorlashni o‘rgandim. Endilikda bu bilimlar menga sifatli kontent yaratishda katta yordam bermoqda. Bundan juda mamnunman. Sohaga qiziqadigan boshqa tengdoshlarimga ham o‘quv kursida nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlashni tavsiya etaman.


Ayni paytda “SMM AI Savodxon” o‘quv kursining ikkinchi mavsum tinglovchilari uchun mashg‘ulotlar boshlandi. Loyiha doirasida darslar onlayn video formatda olib borilmoqda. Oflayn amaliy master-klasslar tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri