Termiz davlat universitetida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyatidagi faol yoshlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan tadbirda ishtirokchilarga yangilanayotgan Bosh Qomusimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar va ularning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashda 190 ga yaqin davlat tajribasi va 400 dan ortiq xalqaro hujjat chuqur o‘rganilgan. Uning umumxalq muhokamalarida 222 ming 700 dan ortiq taklif kelib tushgan. Mazkur takliflarning 55 ming 670 dan ziyodi yoki 25 foizi loyihaga kiritilgan. Konstitutsiya moddalari 128 tadan 155 taga, normalar 275 tadan 434 taga yetgan.


Janubdagi viloyat aholisi uchun yangilanayotgan Konstitutsiya inson qadrini yanada ulug‘lash, huquq va manfaatlarini himoya qilish, turmush darajasini tubdan yuksaltirish kabi ezgu maqsadga yo‘naltirilgan o‘zgarishlari bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Voha ahli bularning barchasi so‘nggi yillarda jamiyatimizda yuz bergan olamshumul yangilanishlar bilan bevosita bog‘liqligini chuqur his etmoqda. Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar viloyatni “Inson qadri uchun”, degan ezgu tamoyil asosida yuksalishning yangi bosqichiga olib chiqdi. Ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy-ma’naviy va boshqa sohalarda ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Masalan, bundan atigi olti yil muqaddam hududda bitta ya’ni, Termiz davlat universiteti faoliyat yuritgan va unda ta’lim olayotgan talabalar soni o‘n mingga ham yetmagan bo‘lsa, endilikda oltita oliy ta’lim muassasasida 50 mingdan ortiq yigit-qiz o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rganmoqda. Shu paytgacha viloyatdagi yagona oliy ta’lim muassasasida pedagogik yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlangan bo‘lsa, bugungi yoshlar tibbiyot, huquqshunoslik, turizm, yengil sanoat, agrar soha, energetika, neft-gaz singari muhim tarmoqlar bo‘yicha ham malakali mutaxassislar bo‘lib yetishmoqda.

Shuningdek, viloyatda dunyoda hozircha muqobili yo‘q Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi qo‘shni davlat uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlab bermoqda. Mamlakatimizning barcha hududlari qatori Surxondaryo viloyatida ham professor-o‘qituvchilar, talabalar va o‘quvchi yoshlarning qishloq xo‘jaligi yumushlarini, ko‘cha va xiyobonlarni obodonlashtirish ishlarini bajarishi ta’lim-tarbiya sifatiga jiddiy ta’sir o‘tkazib kelayotgan edi. So‘nggi yillarda bu qusurga tamomila barham berilgani va yangilanayotgan asosiy Qonunimizda ustozlar qadr-qimmati, sha’ni himoya qilinishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi alohida modda bilan belgilab qo‘yilayotgani e’tiborga sazovor bo‘lmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan notiqlar yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar xalqimizning turmush tarzini yanada yuksaltirishga, inson qadrini oshirib, Vatanimizni yangi bosqichda izchil rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etib, barchani Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi. Elimiz suygan san’atkorlar ijrosidagi konsert-shou tadbir ishtirokchilariga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri