Termiz shahar yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktabda dzyudo bo‘yicha o‘quv-yig‘in mashg‘uloti bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Surxondaryo viloyatining tumanlari va Termiz shahridan saralab olingan eng iqtidorli o‘smir o‘g‘il-qizlar ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlarda yaponiyalik 5-DAN qora belbog‘ sohibi, xalqaro litsenziyaga ega tajribali murabbiy Junna Kikuchi mahorat saboqlarini o‘tmoqda.


Viloyat dzyudo federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mashg‘ulotlar chog‘ida yosh sportchilar yapon dzyudo maktabining ilg‘or usullari va jangovar tajribasini qunt bilan o‘zlashtirayotir. Amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.

Mashg‘ulotlar belgilangan dastur asosida har kuni ikki mahal qizg‘in bahslarga boy tarzda o‘tkazilmoqda. Kunchiqar mamlakatdan kelgan mohir murabbiydan saboq olayotgan yosh dzyudochilar nufuzli jahon musobaqalarida O‘zbekiston bayrog‘ini faxr bilan baland ko‘tarishni mo‘ljallamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA