Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida “Raqamli dunyoda xotin-qizlar ishtiroki va IT sohasidagi imkoniyatlar” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi, IT Park, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi hamda Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi hamkorligida tashkil qilindi.
Forumda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova ishtirok etib, xotin-qizlar uchun axborot texnologiyalari sohasida mavjud imkoniyatlar keng ekanini ta’kidladi. Shu imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini yanada oshirish muhimligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, Ta’lim tashkilotlari va masofaviy ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ilhom Jo‘rayev raqamli ta’lim sohasidagi imkoniyatlar, xotin-qizlarning ta’limdagi ishtiroki hamda zamonaviy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish bo‘yicha foydali onlayn manbalar haqida ma’lumot berdi.

Forum doirasida Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi bosh mutaxassisi Fazliddin Tojiboyev generativ sun’iy intellekt vositalari bilan ishlash, ularni ta’lim va amaliyotda samarali qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha IT Park yetakchi mutaxassisi Obidjon Zohidjonov tomonidan sun’iy intellekt yordamida video va foto kontent yaratish bo‘yicha amaliyot mashg‘uloti o‘tkazildi. Shuningdek, forumda faol ishtirok etgan xotin-qizlarga axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida bepul ta’lim uchun vaucherlar topshirildi.

Ushbu forum surxondaryolik xotin-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga keng jalb etish, ularning raqamli ko‘nikmalari va kasbiy bilimlarini oshirishga xizmat qilganligi bilan ahamiyatlidir.
N.Rahmonova, O‘zA