Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryolik va xorijlik olimlar voha o‘tmishini o‘rganmoqda
11:11 / 2023-10-22

Termiz davlat universiteti professor–o‘qituvchilari Surxondaryoda Fransiya, Germaniya, Chexiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya kabi davlatlar qadimshunoslari hamkorligida yirik xalqaro arxeologik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Olis o‘tmishga ega Surxon vohasi boy tarixi bilan dunyo qadimshunoslarida katta qiziqish uyg‘otib keladi. O‘rganishlar chog‘ida topilgan turli davrlarga oid topilmalar nafaqat mamlakatimiz, balki jahonning yirik muzeylarida ham keng namoyish etilib, dunyo ahlining hayratini oshirmoqda. Eski Termiz xarobalaridan topilgan arxitektura bezaklari, haykaltaroshlik namunalari va boshqa noyob asori-atiqalar Parijning Luvr, Germaniyaning Berlin muzeylarida keng namoyish etilayotgani bunga yaqqol dalildir.

Mintaqamizda yagona – Termiz arxeologiya muzeyidan o‘rin olgan asori-atiqa va boshqa noyob topilmalar xorijlik hamda mahalliy sayyohlarni hududning o‘tmishi va buguni bilan tanishtirishga xizmat qilmoqda. Termiz davlat universiteti professor-o‘qituvchilarining turli davlatlar olimlari hamkorligida olib borayotgan izlanishlari nafaqat, qadimiy voha o‘tmishini yanada chuqur o‘rganish, balki talaba-yoshlarga mahorat darslari o‘tishga yo‘naltirilgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.

Shu yil Termiz davlat universiteti va Chexiyaning Karlova universiteti o‘rtasida tuzilgan shartnoma doirasida viloyatda dala-qazuv ishlarini olib borayotgan O‘zbekiston-Chexiya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasining ish boshlaganiga 20 yil bo‘ldi. O‘tgan davrda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar chog‘ida 250 dan ortiq yangi arxeologik yodgorlik kashf etildi. Sherobod tumanidagi Jandavlattepa, Burguttepa, Bobolangar kabi yodgorliklarda keng ko‘lamli arxeologik qazuv ishlari olib borildi. Qo‘shma ekspeditsiyaning Sherobod tumani Laylagan qishlog‘idagi Kuloltepa yodgorligida amalga oshirgan qazuv ishlari Kushon imperiyasining qishloqlari hayoti va tarixi to‘g‘risida noyob ma’lumotlarni aniqlashga xizmat qilmoqda. Bu yerda Kushonlar davriga xos devoriy suratlar qoldiqlari topilgani olis va chekka tog‘li hududning o‘tmishdagi qaynoq hayotini yanada chuqur o‘rganishga qiziqish uyg‘otdi.  

Termiz davlat universiteti va Xitoy Xalq Respublikasi Shimoliy-G‘arbiy universiteti o‘rtasida tuzilgan memorandum hamda “O‘zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyatida qadimiy insoniyat madaniyati va atrof-muhiti” bo‘yicha qo‘shma tadqiqot loyihasi ilmiy dasturi ham viloyatning bronza va ilk temir davri arxeologik yodgorliklarini atroflicha o‘rganishga keng imkoniyat, qulay muhit yaratdi.  

O‘zbekiston-Fransiya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi 2017 yilda Termiz davlat universiteti va Fransiyaning Ekol Normal Suprier filologiya va arxeologiya ilmiy tadqiqotlar laboratoriyasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ilmiy izlanishlarni boshlagan. O‘zbek-fransuz xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tadqiqot maqsadi Shimoliy Baqtriyaning Eski Termiz o‘rnida joylashgan Yunon Baqtriya va Kushon podsholigi davri shaharsozligi, moddiy madaniyati, badiiy va amaliy san’ati taraqiyotini o‘rganishga qaratilgan. Ayni paytda qadimshunoslar Eski Termizning Chingiztepa yodgorligida buddaviylik ibodatxonasining so‘nggi bosqichiga oid (milodiy V asr) madaniy qatlamlarini ochib, o‘rganmoqda. Bu yerdan topilgan buddaviylik davriga oid haykaltaroshlik namunalarida mahalliy hukmdorlar va budda kohinlari tasvirlangani hudud tarixining sirli sahifalari ochilayotganidan darak bermoqda.

Qadimshunoslarning aytishicha, Eski Termiz xarobalariga tutash Chingiztepa 9 gektar maydonda joylashgan arxeologik yodgorlik. Yunon–Baqtriya podsholigi inqirozidan so‘ng O‘rta Osiyoni shimoliy- sharqiy hududlarda yashaydigan yuyechjilar ishg‘ol qilgan. Shu davrda ko‘chib kelgan Katta yuyechjining 100 ming oilasi Shimoliy Baqtriyaning Amudaryogacha bo‘lgan qismini egallagan. Shu paytgacha yodgorlikdan topilgan moddiy madaniyat namunalarining eng qadimiysi Yunon Baqtriya podsholigi davriga oid bo‘lsada, keyinchalik bu davr an’analarini yuyechjilar davri moddiy madaniyatida kuzatish mumkin. Shuning uchun Eski Termiz hududi yuyechjilar davrida yirik saroylar, ibodatxonalar va mudofaa inshootlari barpo etilgan joyga aylangan. Yunonlarning mudofaa tizimi arxitektura inshootlari Afg‘onistonning Oyxonim va Eski Termizning Chingiztepa kabi yodgorliklarida aks etgan. Kushon davrida esa Eski Termiz o‘rnidagi shaharning maydoni sharqiy tomonga kengayib, 350 gektarga yetgan. Kelgusida arxeologlar shaharning sharqiy tomonida joylashgan mudofaa inshootlarini  o‘rganishga qiziqish bildirmoqda

–Har safar qadimiy Surxon vohasiga kelganimda bu yerning o‘tmishini qayta kashf etayotganimizni his qilaman,–deydi Fransiyaning CNRS ilmiy tadqiqotlar markazi professori Per Lerish.– Qo‘shma ekspeditsiyamiz o‘ziga xos tarixga ega. Biz, bu yerning o‘tmishini o‘rganayotganimizda yunon va rim tarixchilariining qadimgi dunyo tarixiga oid asarlarining Baqtriyaga aloqador ma’lumotlari asosida qadimiy shaharlar o‘rnini lokalizatsiya qilib, Eski Termizda qazish ishlarini olib boramiz. Termiz juda qadimiy shahar. Bu Eski Termiz hududidagi qazishmalar jarayonida o‘z isbotini topgan. Yaqinda topilgan mahalliy hukmdorlar va budda kohinlari tasvirlangan buddaviylik davriga oid haykaltaroshlik namunalari bu ulkaning yanada qiziqarli tarixini ochishiga ishonamiz. Vohaning boy tarixi, taraqqiyot bosqichlari, madaniyatidan so‘zlovchi hamkorlikdagi qazishma ishlarimiz va uning natijalari haqida talabalarga maroq bilan so‘zlab beramiz.  

Qadim Surxon vohasida izlanish olib borayotgan xalqaro arxeologik ekspeditsiyalar a’zolari har yili arxeologik tadqiqotlari natijalari haqida Termiz davlat universiteti talabalari uchun qiziqarli ma’ruza, seminar va treninglar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekiston-Chexiya va O‘zbekiston-Xitoy xalqaro arxeologik ekspeditsiyalari kuzgi dala-qazish ishlarini nihoyasiga yetkazib, uning yakunlari haqida talabalarga saboq bergach, o‘z Vatanlariga qaytib ketdi. O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi a’zolari bu yilgi ilmiy–tadqiqot ishlarini yakunlashga hozirlik ko‘rmoqda. Xorijlik arxeolog olimlarning Termiz davlat universiteti talabalariga berayotgan darslari, seminar va trening mashg‘ulotlari yoshlarimiz yurtimiz tarixini yanada chuqur o‘rganib, bu zaminning o‘tmishda ham dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lganidan faxr-iftixor hissini tuyishida muhim omil bo‘lmoqda.  

Xolmo‘min  Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri