Termizda “Saylov-2024: Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollarining saylov jarayonlarini yoritish mas’uliyati” mavzuiga bag‘ishlangan mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Ikki kun davom etadigan anjumanda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari ommaviy axborot vositalari vakillari, erkin ijodkorlar, blogerlar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Surxondaryo viloyat bo‘limi, Surxondaryo viloyat hududiy saylov komissiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yangilangan saylov qonunchiligi asosida mamlakatimizda muhim siyosiy kampaniyaga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari va uni ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalari atroflicha muhokama etilayotir.

Mintaqaviy konferensiyada O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, Surxondaryo viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova, Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Vohid Nazarov saylov tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar, ilk marta o‘tkazilayotgan aralash saylov tizimining mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Yangi Konstitutsiyamizda belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkazilayotgan saylovda “E-saylov” axborot tizimi orqali barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlari to‘liq raqamlashtirilgani va bu bilan saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi hamda hujjatlar harakati qisqartirilgani qayd etildi. Konferensiyada saylov komissiyalarining asosiy jihatlari, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, saylov komissiyalari binolari va ovoz berish xonalarini jihozlashga qo‘yilgan talablar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, saylov komissiyalarining saylov jarayoni boshqa ishtirokchilari – ommaviy axborot vositalari xodimlari, kuzatuvchilar, jamoat tartibini saqlashga mas’ul idoralar vakillari bilan hamkorligi kabi muhim masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashilmoqda.

– Bo‘lg‘usi saylov mutlaqo yangicha tizim va ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkazilayotir, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Muhiddin Abdurahmanov. – Ayni paytda bu kampaniyaga puxta hozirlik ko‘rilayotir. Mintaqaviy konferensiya qatnashchilari viloyatda saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishish barobarida milliy saylov qonunchiligimizda yuz bergan yangilanishlar hamda muhim siyosiy kampaniyani ochiq, oshkora, xolis yoritish yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.

Anjuman qizg‘in davom etmoqda.
Konferensiya ishtirokchilari, shuningdek, Termiz tumanidagi O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasida barpo etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi, logistika markazi, Termiz tumanida qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi va boshqa o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishadi. Buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri