Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryolik tadbirkorlar uchun qanday imkoniyatlar yaratilmoqda?
14:00 / 2021-11-29

Yurtimiz viloyatlarini kuzatar ekansiz, o‘zaro taqqoslab, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qanday o‘zgarishlar yuz berayotganiga guvoh bo‘lib boraverasiz.

 Xususan, Surxondaryo viloyati va aholisining bugungi maqsadlari teran. Afsonaviy so‘lim maskanda xalq uchun yaratilayotgan sharoitlar shubhasiz quvonarli. Ayniqsa tadbirkorlar tomonidan aholini ish bilan ta’minlash, zamonaviy yo‘nalishlarda faoliyat nuqtalarini tashkil etish jadal yo‘lga qo‘yilmoqda.  

Bu ishda esa tadbirkorlarga ilk ko‘makchi bank xizmatlaridir. Undan samarali foydalanib, viloyat aholisi uchun maishiy xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish kengaymoqda. Bu borada ATB «Qishloq qurilish bank» Surxondaryoda o‘z mijozlariga keng imkoniyatlarni yaratib berayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.  

Xususan, bankning mintaqaviy filiali Denov tumanida «Muhammadali» MCHJning «Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksi» qurish uchun ajratgan mablag‘i asosida 22 gektar maydonida qulay va zamonaviy bozor bunyod etilishiga sabab bo‘ldi. Eski bozordan yangi bozorga kelayotgan tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ijara haqlari 50 foizgacha etib belgilangani ma’lum bo‘ldi.  

Ma’lumot uchun aytish mumkinki, bugungi kunda ATB «Qishloq qurilish bank»ning Surxondaryo viloyatida Jarqo‘rg‘on filiali, Sho‘rchi filiali, Sariosiyo filiali hamda Qumqo‘rg‘on filiallari tashkil etilgan bo‘lib, jami 6264 nafar yuridik shaxs, 117568 nafar jismoniy shaxslardan iborat mijozlarga ega.  

Bundan tashqari, ATB «Qishloq qurilish bank» Surxondaryo mintaqaviy filiali mijozi «Termiz-Tezkor-qurilish» ITKT tomonidan Termiz shahrida 2021 yil ishga tushirilgan "Iceberg" nomli muz saroyi binosi shahar aholisi va mehmonlarning ko‘rkam markaziga aylangan.

Ushbu loyiha qiymati 64 mlrd. 300 mln. bo‘lib, shundan qariyb 24 mlrd. so‘m ATB «Qishloq qurilish bank» tomonidan moliyalashtirilgan.  

E’tiborli tomoni ushbu tashabbus asosida 120 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, kam ta’minlangan oilalar farzandlari faoliyat yuritmoqda.  

Shuningdek, Termiz tumani «Nurafshon» MFYda «Termiz-Tezkor-qurilish» ITKT tomonidan tashkil etilgan, loyiha qiymati 5 500 000 AQSH dollariga teng Asfalt qorish va tosh saralash uskunalar majmuasi ham tuman aholisi yo‘llarining ravon bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Mazkur loyihaga ATB «Qishloq qurilish bank» Surxondaryo mintaqaviy filiali tomonidan 3 716 000 AQSH dollari miqdorida kredit ajratilgan.

«Korxonamiz bir oyda 120 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha ichki yo‘llar, Termiz shahar halqa yo‘llarini obodonlashtirishni rejalashtirmoqdamiz», deydi «Termiz-Tezkor-qurilish» korxonasi ish boshqaruvchisi Bahodir Murodov.

Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash albatta yurt farovonligini ta’minlaydi. Surxondaryo viloyatida yuqoridagi kabi ezgu ishlarga qo‘l urayotgan «Uzun me’mor qurilish» X/K korxonasi ham ATB «Qishloq qurilish bank» Surxondaryo mintaqaviy filiali tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, aholi uchun shinam va qulay o‘zbekona uylarni bunyod etish bilan shug‘ullanadi.  

«Surxondaryo viloyati Dinov tumanining shahar kompleksini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aholiga qulaylik yaratish maqsadida ATB «Qishloq qurilish bank» Sariosiyo filialidan 7 mlrd. so‘m kredit mablag‘i olganmiz. Qurilish ob’ektimizning to‘liq summasi 16 mlrd.dan ortiq. Hozirgi kunda 40 ta xonadonda deyarli tayyorgarlik ishlari ketyapti. Yangi yilgacha aholimizga bitkazib berish harakatidamiz», deydi Abdulaziz Abdurasulov.

Aholi daromadlarining oshishi, ish bilan band qilinishi esa o‘z-o‘zidan insonlar kayfiyatiga va kelajakdagi ezgu rejalariga turtki beradi. Bu kabi o‘zgarishlarni e’tirof etish maqsadida  ATB «Qishloq qurilish bank» tomonidan bir guruh jurnalistlar ishtirokida  Surxondaryo viloyatiga Press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar viloyat bo‘ylab amalga oshirilayotgan ishlarga, aholi farovonligiga sabab bo‘lguvchi omillarga guvoh bo‘lishdi. Darhaqiqat, Surxondaryo viloyatida ishlar jadallashmoqda.  

 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA