Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryolik o‘qituvchi va talabalar Ozarbayjonda
11:41 / 2022-10-13

Termiz davlat universitetining doktorant, magistr va talablaridan iborat delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasining ta’lim tizimi bilan tanishmoqda. Olimlar va talaba-yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, o‘zaro tajriba almashilmoqda.

Termiz davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, guruh rahbari Obid Shofiyevning Ozarbayjon Respublikasidan O‘zAga xabar berishicha, delegatsiya a’zolari dastlab Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti faoliyati bilan tanishgan. Universitet hayoti va bu yerda talaba-yoshlarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Kelajakda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuv imzolandi.  
Boku davlat universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham o‘zbekistonlik va ozarbayjonlik ta’lim fidoyilari hamda talabalarda katta taassurot qoldirdi. Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshida faoliyat yuritayotgan Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi ko‘magida tashkil etilgan safar doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatlarimiz xalqlarini ko‘p asrlik adabiy, madaniy, ilm-fan va boshqa sohalardagi rishtalar mustahkam bog‘lab turgani alohida ta’kidlandi. Keyingi yillarda davlatlarimizning bu aloqalari yanada rivojlanib, yangi bosqichda davom etayotgani qayd etildi.  

Tili, milliy qadriyat va madaniyati bir-biriga yaqin, dini bir ozar va o‘zbek xalqlarining o‘zaro qardoshlik, hamkorlik aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Jumladan, Nizomiy Ganjaviy asarlari o‘rta asrlardan boshlab o‘zbek tiliga tarjima qilingan. XIV asrning birinchi yarmida Qutbiddin Xorazmiy ozar adibining “Xisrav va Shirin” asarini o‘zbek tiliga o‘girgan bo‘lsa, Nizomiyning besh dostonidan ilhomlangan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zining “Xamsa” asarini yaratdi. Haydar Xorazmiy XV asrda Nizomiyning “Maxzay ul asror” asarini, XIX asrda esa Ogahiy uning “Haft paykar” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Xalqlarimizning adabiy rishtalarini bog‘lagan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Shuningdek, mamlakatlarimizning madaniy aloqalari ham qadimdan o‘zaro hamkorlikda rivojlanib kelgan. Musiqa san’atimizning nodir namunalari bo‘lgan maqom va mug‘om san’ati o‘tmishdan ikki do‘st xalqni birlashtirishda muhim o‘rin tutgan.  

Ozar farzandi Maqsud Shayxzoda ham o‘zbek tilidagi boy adabiy merosi bilan adabiyotimiz va milliy madaniyatimizga munosib hissa qo‘shgan. Benazir ijodkorning “Mirzo Ulug‘bek” dostoni, “Jaloliddin Manguberdi” dramasi va boshqa asarlari o‘zbek adabiyoti oltin fondining nodir durdonalari safidan o‘rin olgan. 

O‘tgan yili Termiz davlat universitetida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Madaniyat masalalari qo‘mitasining bevosita ko‘magi bilan Ozarbayjon shoirasi Xurshidbonu Notavon markazi ochilgani ham ikki davlat adabiy aloqalarining yanada rivojlanib borayotganiga yaqqol misoldir. Ayni paytda mazkur markaz yoshlarni xalqlarimizning eng nodir, eng noyob adabiy-badiiy asarlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilmoqda. Bunday qardoshlik aloqalarini bugungi ijodkorlar o‘rtasida keng yo‘lga qo‘yish uchun universitetda Ozarbayjon – O‘zbekiston adabiy-badiiy do‘stlik kengashi tashkil etildi.  

Davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarning yildan-yilga yanada yuksalib borayotgani bilan har qancha faxrlansak arziydi.  

–Delegatsiya tarkibida Ozarbayjonga kelganimdan behad mamnunman, – deydi Termiz davlat universiteti talabasi Sabina Ismoilova. – Ozar tengdoshlarimiz bizni juda iliq kutib olishdi. Ayniqsa, Boku davlat universiteti va uning filiali, Boku davlat pedagogika universiteti hamda Ilmlar akademiyasi menda katta taassurot qoldirdi. Do‘st mamlakatning ta’lim tizimi, professor o‘qituvchilari va talabalari bilan yaqindan tanishmoqdamiz. Ozarbayjon yoshlarining ham bilimga chanqoqligi, izlanuvchan va samimiyligi bizga juda yoqdi.  Hamkorlikda adabiy-badiiy kechalar, o‘zbek va ozarbayjon adabiyot namoyandalarining kitoblar ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Kelgusida ilmiy, adabiy va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, davlatlarimizning ta’lim tizimidagi hamkorligini mustahkamlash, talabalar almashinuvi bo‘yicha kelishuvlarga erishilmoqda.  

Surxondaryolik ilm-fan fidoyilari va talabalarning Ozarbayjon respublikasidagi safari davom etmoqda. 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri