French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryolik olimlar Malayziyada
10:41 / 2023-05-26

Termiz davlat universiteti rektori, professor A.Marahimov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Malayziyaning Perlis universiteti (UniMAP)da bo‘lib, nufuzli oliy ta’lim muassasasi bilan yaqindan tanishmoqda.

Termiz davlat universitetida ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonlarini tamomila yangi bosqichga ko‘tarish, Yangi O‘zbekiston nufuzini dunyoga tanitadigan salohiyatli kadrlar tayyorlash maqsadida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda.  

Perlis universiteti prorektori, professor Zaliman Sauli bilan uchrashuv chog‘ida ikkita oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi dasturlari, ilmiy innovatsion yo‘nalishlarda nufuzli anjumanlar tashkil etish muhokama etildi. Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, magistrant va tayanch doktorantlarning ilmiy ishlariga hamkor xorijiy oliy ta’lim muassasalaridagi yetakchi olim va professorlarni jalb etish kabi qator muhim masalalarda o‘zaro kelishuvga erishildi.

– Perlis universitetida 10 ming 662 nafar talaba o‘qiydi. Ularning 531 nafari xorijlik yigit-qizlardir, – deydi Termiz davlat universiteti rektori A.Marahimov. – U axborot texnologiyalari va elektron muhandislik sohasiga yo‘naltirilgan bo‘lib, eng zamonaviy (Clean room laboratoriyes) laboratoriyalariga ega. Jahon universitetlari top 1000 taligi reytingida 801-o‘rinni egallagan. Eng yaxshi Osiyo universitetlari orasida 150 o‘rinda turadi. Mazkur oliy ta’lim muassasasi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, tajriba almashish universitetimizni dunyoning eng rivojlangan oliy ta’lim muassasalari “Top-1000” ro‘yxatiga kiritish yo‘lida olib borayotgan izlanishlarimizning uzviy davomidir. Zero, mamlakatimizda Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgan hozirgi paytda Vatanimiz nufuzini dunyoga tanitadigan yetuk kadrlar tayyorlash dolzarb vazifalarimizdan biri hisoblanadi.  

Ayni kunlarda Termiz davlat universiteti professor-o‘qituvchilari malayziyalik talabalar uchun dastlabki o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini ham o‘tkazmoqda. Jumladan, universitet rektori, professor A.Marahimov sun’iy intellekt istiqbollari va uning rivojlanish tendensiyalari haqida ma’ruza qildi. Amaliy matematika va informatika kafedrasi mudiri, professor Chori Normurodovning "Navye-Stoks tenglamalarini uyurma-tok funksiyasi tizimida sonli modellashtirish" mavzusidagi ma’ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.  

O‘quv-seminarda Termiz davlat universiteti algebra va geometriya kafedrasi professori Ismoil Allakov “Tub sonlar qatnashgan additiv masalalar” mavzuidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.  

Safar doirasida Termiz davlat universiteti rektori A.Marahimov Surxondaryo viloyatidagi eng yirik oliy ta’lim muassasasi faoliyati, keyingi yillarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilayotgan e’tibor, yuz berayotgan yangiliklar, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari hamda erishilayotgan yutuqlarga doir taqdimotlarni o‘tkazmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri