Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryolik marhum Shafoat Rahmatullo Termiziy xonadoni hokim tashabbusi bilan ta’mirlandi
16:17 / 2021-03-18

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov o‘tgan 2020 yil 16 dekabrda O‘zbekiston Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri Abdulhakim Eshmurodov hamrohligida marhum shoir Shafoat Rahmatullayev (Shafoat Rahmatullo Termiziy) yashagan Termiz shahri Tuproqqo‘rg‘on mahallasidagi xonadonda bo‘lib, uydagi sharoitlar va shoirning boy kitob fondiga ega kutubxonasi bilan tanishgani, mutasaddilarga xonadonni to‘liq ta’mirlash va zarur qulayliklarni yaratish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar bergani haqida xabar qilgan edik.

Navro‘z umumxalq bayrami arafasida el suygan shoirning turmush o‘rtog‘i Xosiyat Rahmatullayevaga tubdan qayta tamirlanib, barcha zamonaviy sharoit yaratilgan uyning kaliti topshirildi.

 Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida 1941 yil tavallud topgan xassos shoir o‘z ijod namunalari bilan elimiz qalbidan chuqur joy olgan. Ijodkorning “Janub shamoli”, “Umid ostonasi”, “Ozod so‘z”, “Ko‘rinmay gulladim”, “Shoh va shoir” singari kitoblari nashr etilgan. 1965 yili Toshkent Davlat konservatoriyasini tugatgan Sh. Rahmatullayev shuningdek, musiqa sohasida “Musiqa uslubiyoti”, “Musiqa alifbosi” va “Boshlang‘ich musiqa” risolalarini chop ettirgan. U 1968 yildan Termiz davlat universitetida yosh avlodga saboq berib, ko‘plab shogirdlar tayyorlagan. Uzoq yillar O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limini boshqargan. 1998 yilda “Shuhrat” medali, 2003 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. 2016 yil 27 mart kuni vafot etgan.

Yangilanish va yasharish bayrami arafasida tubdan qayta ta’mirlangan xonadonda shoirning do‘stlari, shogirdlari, oila a’zolari va qo‘ni-qo‘shnilari Shafoat Rahmatullayevni yod etib, uning ibratli fazilatlarini esladi. Turmush o‘rtog‘i Xosiyat Rahmatullayeva shoirdan yodgorlik bo‘lib qolgan kitoblar, musiqa asboblari va sport anjomlari, hali nashr etilmagan she’r va dostonlari bilan tanishtirdi.  

–Ustoz bilan bir fakultetda yigirma yildan ko‘proq muddat birga ishladim, – deydi Termiz davlat universiteti san’atshunoslik fakulteti dotsenti Abduraim Tursunov. 

– Boy bilimga ega Sh.Rahmatullayev o‘ta xokisor, halol inson edi. Ajoyib shoir va xassos san’atshunos sifatida qalbimizda bir umr yashaydi. Qirq yil shu dargohda yoshlarga ta’lim-tarbiya berib, birovning dilini og‘ritmagan. O‘tgan yil xonadonlariga turmush o‘rtoqlarini yo‘qlab kelganimda, uylari biroz to‘kilib qolgani, kitob javonlariga shiftdan tomchi o‘tganini ko‘rib, andak ranjigan edim. Buni qarangki, oradan ko‘p o‘tmay, viloyat hokimi kelib, oila a’zolaridan hol-ahvol so‘rabdi. Uyni to‘liq qayta ta’mirlatib, jihozlab ham beribdi. Bunday e’tibordan nafaqat ustozning oila a’zolari balki, tengqurlari, biz shogirdlari ham behad mamnun bo‘ldik. Fayzli xonadonda ustozni yod etdik.

 

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlab, munosib rag‘batlantirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimiz belgilab olgan muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi. Prezidentimizning 2018 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar natijadorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.  

– Keyingi yillarda yurtimizda ijodkorlarga alohida e’tibor qaratilib, ularning munosib mehnat qilishi va turmush kechirishi uchun barcha qulaylik yaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri Abdulhakim Eshmurodov. 

– Adabiyot va san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan marhum shoir va yozuvchilar, san’atkorlarning oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanayotir. Shafoat Rahmatullo Termiziy xotirasiga hurmat ham davlat darajasidagi g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir. Bu yil shoirning hali chop etilmagan asarlarini nashr qildirish rejalashtirilgan. Vohada bu boradagi ishlar davom ettiriladi.

El suygan shoir yashab, ijod qilgan xonadonni tubdan ta’mirlagan Termiz shahridagi “Madinabonu Surxon” mas’uliyati cheklangan jamiyati uyga byangi kitob javoni va boshqa mebel jihozlari, tabiiy gaz plitasi, elektrsuv isitish qozoni sovg‘a qildi.                                                    

 - Aslida ijodkorning turmush o‘rtog‘i, uyining bekasi bo‘lishda gashti ham, og‘irligi ham bor, – deydi shoirning turmush o‘rtog‘i.

– Gashti shundaki, u yozgan asarning hali siyohi qurimay turib, tanishasiz va o‘zgacha zavq tuyasiz. Og‘irligi – kayfiyatiga qarab yashashingiz, injiqliklarini ko‘tarishingizga to‘g‘ri keladi. Turmush o‘rtog‘im yuksak insoniy fazilatga ega, ko‘ngil odami, beozar shoir edi. U kishining vafotidan so‘ng uyimizning ohori o‘chdi. Kutubxonasiga bir burchakdan chakki ham o‘tdi. Vatanga xizmat qilgan shoirga ehtirom sifatida xonadonimiz ta’mirlanib, o‘zgacha zeb ulashilganidan boshimiz ko‘kka yetdi, rosti.  

Shu kuni Surxon bulbuli, deya nom olgan Shafoat Rahmatullayevning yangilangan uyida shoir va yozuvchilar, professor-o‘qituvchilar, ijodkor talaba-yoshlar shoir kutubxonasi bilan yaqindan tanishdi. Shoirning Vatan, istiqlol va sof muhabbatni, yurtimizning go‘zal tabiatiyu, tanti, mehnatkash odamlari, noyob urf-odat va jasorati tarannum etilgan she’rlari o‘qildi.  

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA