Sariosiyo tumanidagi “UzAgroLider” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ko‘chatchilikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan viloyat o‘quv-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Ko‘chatchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari va agroxizmatlar rahbarlari, tadbirkorlar va bog‘bonlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tevarak-atrofni yashil boyliklarga burkab, ona tabiatni asrab-avaylash hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda o‘z samaralarini berayotgani ta’kidlandi. Bo‘sh yerlarga mevali va manzaralari daraxt ko‘chatlarini o‘tqazib, uni parvarishlashning yaxlit tizimi yaratilgani qayd etildi.


Mamlakatimiz janubidan boshlanadigan yasharish va yashnatish faslining mayin nafasi esa boshlangan shu kunlarda tashkil etilgan tadbirda “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumida o‘tqaziladigan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarining navi hamda sifatiga alohida e’tibor qaratildi. Lola daraxti, ko‘k kiparis, kashtan, nandina, Italiya sireni, katalpa, kanpak tuya, qarag‘ay, yasin, Qrim qarag‘ayi, oddiy archa, qora kiparis, uzum, xurmo, o‘rik kabi daraxt ko‘chatlarini intensiv usulda yetishtirish loyihalari va viloyat agroxizmatlar markazlarining taqdimotlari o‘tkazildi. Sohadagi muammolar hamda ularning yechimlari atroflicha muhokama etilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” bahorgi mavsumi uchun vohada 16 million 316 ming tupdan ortiq mahalliy iqlimga mos turli ko‘chat zaxirasi yaratilgan.


Seminarda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri