Yurtimizda yana zumrad qish nafasi esib, sovuq kunlar boshlanishidan darak bermoqda. Bu faslda eng qulay va beminnat yonilg‘i-tabiiy gazga ehtiyoj ortadi.
Ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’ektlari va xonadonlarning isitish tizimlari ishga tushirilib, gaz quvurlari, gaz taqsimlash qurilmalari nisbatan bosim bilan ishlashga o‘tadi. Bu jarayonda qishli-qirovli kunlar kutilmaganda nosozliklar yuzaga kelmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Joylarda yuzaga kelgan avariya holatlarining zudlik bilan oldini olish, nosozlikni bartaraf etish uchun tegishli material va ehtiyot qismlarga ehtiyoj sezilib qoladi.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali mutasaddilari qishning sovuq kunlari yuz bergan nosozlikni tezda bartaraf etish uchun tegishli choralarini ko‘rdi. Tuman va shahar bo‘limlarida zaxira omborxonalari tashkil etib, zarur material hamda ehtiyot qismlar bilan ta’minlandi. Viloyat markaziy omborxonasida qo‘shimcha zaxira ehtiyot qismlari jamlandi.

Mavsumda iste’molchi kutilmaganda duch kelgan nosozlikni tez bartaraf etish uchun omborlarga 52 turdagi ehtiyot qism zaxira qilindi. Turli o‘lchamdagi quvurlar, karbid, payvandlash uchun zarur jihozlar mavsumga taxt qilib qo‘yildi.
– Shuningdek, hududlardagi avariya-dispetcherlik qismlarida doimiy navbatchilik guruhlari uchun maxsus avtotransport vositasi, payvandchi, 2 nafar chilangar ajratildi, ¬ deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali direktorining birinchi o‘rinbosari Zayniddin Shodiyev. – Ular tunu kun smena asosida ishlaydi. Barcha guruhlar maxsus mobil aloqa vositalari bilan ta’minlangan. Viloyat markaziy dispetcherlik punktiga kelib tushayotgan murojaatlarni hududlarga tezkorlik bilan yetkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Tabiiy gaz tuganmas boylik emas. Bu yonilg‘iga yildan-yilga ehtiyoj va talabning o‘sib borayotgani undan tejab, oqilona foydalanishni taqozo etmoqda. Qishli-qirovli faslda iste’molchilarga sifatli va ishonchli xizmat ko‘rsatishga bel bog‘lagan gazchilar aholining yonilg‘idan tejab foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga, gaz-havo aralashmasi natijasida chaqnash, yong‘in, is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Zamonaviy, tejamkor jihozlardan foydalanishning ahamiyati hamda eski, nostandart gaz uskunalaridan foydalanishning xavflilik darajasi yuqori ekani tushuntirilmoqda.

– Zamonaviy jihozlar xavfsiz va tejamkor, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Shavkat Jabborov. – Lekin hamon ayrim iste’molchilarning eski gaz jihozlaridan foydalanib kelayotgani kuzatilmoqda. Masalan, bir pallali eski gaz yondirgichli isitish jihoziga soatlik sarfi 0,95 m3lik yondirgich o‘rnatilgan. Qish fasli ob-havo harorati 7 daraja iliq bo‘lganida o‘rtacha 0,75 m3 gaz sarfi kuzatiladi. Bu kunlik 18 m3, oylik 540 m3 gaz sarfiga olib keladi. Iste’molchi sarflagan yonilg‘i uchun bir oyda 205 ming 200 so‘m atrofida mablag‘ to‘laydi. Bu jihozlarda avtomatik me’yorlash tizimi yo‘q. Shu bois kunlik olinayotgan gaz hajmi iste’molidan ortiqcha sarflanishiga olib keladi.

Mutaxassislarning aytishicha, agar bu jihoz o‘rniga zamonaviy, energotejamkor avtomatik soatlik sarfi o‘rtacha 0,8 m3lik gaz yondirgich o‘rnatilsa, qish kunlari ob-havo harorati 7 daraja iliq bo‘lganida o‘rtacha 0,6 m3 gaz sarflaydi. Natijada kunlik 14,4 m3, oylik 432 m3 gaz ishlatadi. Buning uchun iste’molchi 164 ming 160 so‘m mablag‘ sarflaydi. Yoki har oyda bitta gaz yondirgich iste’molchining 40 ming so‘mdan ortiq mablag‘ini tejab qolishga ko‘maklashadi. Tabiiy gazni 20 foizga tejaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda amalga oshirilayotgan targ‘ibot tadbirlari o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, yilning o‘tgan davrida aholi xonadonlarida 61 ming 718 dona nostandart gaz jihozlari energotejamkor gaz yondirgichga almashtirildi. Ulgurji iste’molchilarga 844 dona zamonaviy va energiya tejamkor gaz yondirgich o‘rnatilib, ikki million kub-metr tabiiy gaz tejab qolindi.

Zamonaviy, energotejamkor jihozlarni o‘rnatayotgan iste’molchilar tabiiy gazni ham, mablag‘ini ham tejash barobarida qish kunlari xavfsizligini ta’minlab, kutilmaganda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olayotgani ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri