Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryolik gazchilar qishga qanday hozirlik ko‘rmoqda?
14:08 / 2023-10-06

Yurtimizda yana qorli–qirovli fasl boshlanadi. Tabiiy gazdan foydalanadigan ijtimoiy–iqtisodiy soha ob’ektlari va aholi xonadonlarida izg‘irinli sovuq kunlarning tashvishli yoki xotirjam o‘tishi ko‘p jihatdan soha xodimlarining kuz–qish mavsumiga ko‘rgan tayyorgarlik ishlari sifatiga bevosita bog‘liqdir.

Masalan, o‘tgan yilgi anomal sovuqda Surxondaryo viloyatida tabiiy gaz ta’minotida yuz bergan muammolar – sovuqdagi avariya holatlari, bosimning kutilmaganda pasayib ketishi, uzilishlar va cheklovlarni odamlar hanuz esga oladi. 

Xo‘sh, janubdagi viloyatda bu yilgi kuz–qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun o‘tgan yilgi xato va kamchiliklarga yana ko‘z yumilmayaptimi? Iste’molchilarni bir maromda ishonchli yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Joylarda tabiiy gaz uzluksizligi ta’minlanadimi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, yoz fasli tandir taftidek issiq va qishi ham izg‘irinli bo‘ladigan vohada 129 ming tabiiy, 459 ming 329 iste’molchi suyultirilgan gazdan foydalanadi. Yoki tabiiy gaz iste’molchilari o‘tgan yilga nisbatan 21 ming 611 taga ko‘paygan. O‘z-o‘zidan bu holat tabiiy gazga bo‘lgan talab va ehtiyojning yanada ortganini anglatadi.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali mutasaddilarining ta’kidlashicha, bu yilgi mavsumda iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlashga jiddiy masala sifatida qaralmoqda. Buning uchun qishning sovuq kunlarida gaz bosimi me’yoridan pasayishi kuzatiladigan hududlar chuqur tahlil qilinib, tuman va mahallalar bo‘yicha tegishli choralar belgilab olingan. Sabablari o‘rganilib, ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rilgan. Yoqilg‘ini bir maromda va xavfsiz yetkazish uchun gaz tarmoqlari hamda gaz taqsimlash punktlari nazoratdan o‘tkazilib, holati tekshirilgan. Ayni paytda ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinmoqda. 

– Joriy yilda amalga oshirayotgan bu ishlarimiz sovuq kunlarda tabiiy gaz bosimi kutilmaganda tushib ketishining oldini oladi, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari Zayniddin Shodiyev. – Hududlarda sovuq kunlari tabiiy gaz o‘tkazuvchanligi pasayishi kuzatilgan 7,5 kilometr gaz quvurlari mukammal ta’mirlanib, xonadonlarda gaz bosimi bir me’yorga kelmoqda. Masalan, Qumqo‘rg‘on tumanidagi Bog‘aro mahallasida 700 metr, Sariosiyo tumanidagi Feruz mahallasida 344 metr yer osti o‘rta bosimli, shu tumandagi Madankon mahallasida 156 metr yer osti past bosimli gaz quvuri mukammal ta’mirlandi. Termiz shahridagi Eski shahar, Guliston, Termiz tumanidagi Yangi yer mahallalarida yer osti o‘rta bosimli gaz quvurlari mukammal ta’mirlanib, qishli-qirovli kunlarda 1 ming 200 dan ortiq aholi xonadonida gaz bosimi pasayishi bilan bog‘liq muammo bartaraf etildi. Hozir Sariosiyo tumanidagi Do‘stlik va Tortuli mahallalarida gaz quvurlari rekonstruksiya qilinmoqda.

Sohada yuz berayotgan yangilanishlar jarayonida viloyatdagi barcha mahalla va qishloqqa tabiiy yoki suyultirilgan gaz yetib bordi. Beminnat, arzon va qulay bu yoqilg‘i iste’molchilarning og‘irini yengil qilmoqda. Jumladan, viloyatda yarim millionga yaqin iste’molchi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Yog‘in–sochinli kunlarda ham tog‘li, olis va borish qiyin bo‘lgan 50 dan ortiq mahallaga reja-grafik asosida suyultirilgan gaz yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Shu kunlarda chekka va borish og‘ir bo‘lgan Karch, Chosh, Vachax, Anorbuloq, Xo‘jaqursin, Terak singari uzoq qishloqlarda kuz-qish mavsumi uchun yetarli suyultirilgan gaz zaxirasi yaratilmoqda. Tog‘li va cho‘l hududlardagi iste’molchilar uchun zaxira qilinayotgan suyultirilgan gaz hajmini raqamlarda aytadigan bo‘lsak, bu 11,66 tonnani tashkil etadi.

Gazchilar aholining soha xizmatidan rozi bo‘lib yashashi uchun kuz–qish mavsumiga hozirlik ko‘rishda davom etmoqda. Bo‘lg‘usi qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan bu ishlar sifatiga qorli–qirovli kunlarda iste’molchilar baho beradi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri