“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali rahbariyati va mas’ul xodimlari tajriba almashish maqsadida “Navbahortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida ochilgan zamonaviy o‘quv-mashq maydonida bo‘lishdi.
Mehmonlar maydonchada o‘quv-amaliy jarayonlar hamda nazariy bilimlar aks etgan qo‘llanmalar bilan yaqindan tanishdilar.

Bu yerda tabiiy va suyultirilgan gazning aholiga yetib borishgacha bo‘lgan bosqichlar to‘liq va sifatli namoyish etilgan. Maydonchada gaz ta’minoti sohasida ish olib bormoqchi bo‘lgan talaba-yoshlar yoki endi ishga qabul qilingan yosh kadrlarga nazariy va amaliy bilimlarini yanada mustahkamlashda yordam beriladi.

– O‘quv-mashq maydoni bilan tanisharkanmiz, katta taassurotlarga ega bo‘ldik, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali kadrlarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Ibodullayev. – Bu yerda gaz yo‘nalishidagi yosh xodimlar, talabalar tabiiy yoki suyultirilgan gaz nima, u iste’molchiga yetib borishgacha qanday yo‘llarni bosib o‘tadi, gaz taqsimlash qurilmalari va ularning ishlashi, maishiy gaz ballonlarni saqlash tartibi va boshqa muhim axborotlarga ega bo‘lishadi. Bu esa sohada salohiyatli kadrlar soni oshishi va ish unumdorligiga, albatta, ijobiy ta’sir qiladi. Kelgusida viloyatimizda ham gaz sohasiga oid ana shunday o‘quv-mashq maydoni tashkil etishni rejalashtirganmiz.


Surxondaryolik gazchilar jamoasi maydon yonida tashkil etilgan test markazida ham bo‘lishdi. Bu yerda mutaxassislar nazariy va amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazishlari uchun barcha zarur sharoit yaratilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri