14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan Surxondaryo viloyatida bojxona faxriylari holidan xabar olinib, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan bojxona xodimlari xotirasi yod etilmoqda.

Sana munosabati bilan Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tizimda sadoqat bilan xizmat qilib, mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida jon fido etgan marhum Botir Davlatovni xotirlab, uning oila a’zolari holidan xabar oldi.
Sherobod tumanidagi Poshxurt qishlog‘ida ulg‘aygan Vatanning mard, botir o‘g‘loni Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy burchini sharaf bilan o‘tab qaytgach, 23 yoshida bojxona tizimida xizmatni boshladi.

Botir Davlatov bolalikdan ismiga mos jasurligi, o‘tkir zehni va atrofidagilarga mehribonligi bilan boshqa tengdoshlariga o‘rnak bo‘ldi. U xizmat burchini qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegara hududdagi “Oqtosh” bojxona postida kichik inspektor lavozimida boshladi. Keyinchalik viloyatning boshqa bojxona maskanlarida ham xizmat qildi. Taqdirning taqozosini qarangki, u xizmat burchini yana “Oqtosh” bojxona postida davom ettirayotganida 1998 yil 17 fevral kuni g‘araz niyatli jinoyatchilar uyushtirgan hujumda vafot etdi.

Botir Davlatov qisqa, ammo sermazmun hayoti davomida uni tanigan yurtdoshlari va hamkasblari qalbida o‘chmas iz qoldirdi. Prezidentimizning 1998 yil 27 avgustdagi farmoni bilan milliy xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlash, jamoat tartibini muhofaza qilish hamda harbiy burchini bajarish vaqtida jasurlik va matonat ko‘rsatgani uchun vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 10 yil” esdalik va “O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga 25 yil” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Sherobod tumanidagi ko‘chalarning biriga Botir Davlatov nomi berildi. U ta’lim-tarbiya olgan 33-maktab hovlisiga uning xotirasiga bag‘ishlab, monument o‘rnatildi.

Tadbir ishtirokchilari shu kuni Botir Davlatov ta’lim olgan maktab o‘quvchilari bilan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida uchrashuv o‘tkazdi. Maktab hovlisida o‘rnatilgan monument poyiga gullar qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri