Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Ulug‘bek Qosimov o‘z ish kunini tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, hokimlik apparati xodimlari, viloyatdagi boshqarma, idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilish bilan boshladi.
Unda viloyatning sohalardagi muammolar, joylarda amalga oshirayotgan islohotlar va ularning holati hamda kelgusidagi vazifalar atroflicha muhokama etildi. Mutasaddilardan axborot qabul qilib, tegishli topshiriq va tavsiyalarini berdi. Har bir tarmoq, yo‘nalish va sohalar kesimida qatiy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tungi payt Ulug‘bek Qosimov viloyatning asosiy yangi yil archasi o‘rnatilgan “Mustaqillik” maydonida bo‘lib, bayramoldi sayliga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. Ularning kayfiyati bilan qiziqib, yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami bilan tabrikladi. Bayram tadbirlari o‘tadigan maydonda jamoat xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va favqulodda holatlarning oldini olish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar bilan tanishdi. Aholiga bayramona kayfiyat ulashuvchi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi.

Viloyat rahbari ijtimoiy soha ob’ektlari bilan tanishuvini davom ettirib, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo viloyati filialiga bordi. Bu yerdagi mavjud holat, bemorlar va ularning yaqinlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shifoxonadagi mavjud kutish joylarida o‘rindiqlar yetarli emasligi tanqid qilinib, mas’ullarga bir kun muddatda zarur sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.

Filialning aholi murojaatlarini qabul qiluvchi “Call center” faoliyati bilan tanishuv chog‘ida tungi navbatchilikni o‘tayotgan 22 nafar dispetcher murojaatlarni qog‘oz blankalarda qayd etayotgani viloyat hokimining e’tiroziga sabab bo‘ldi.
–Zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan hozirgi paytda bunday eskicha uslubda ishlash aholiga ko‘rsatilayotgan shoshilinch tibbiy xizmat sifatini tushiradi, – dedi Ulug‘bek Qosimov.–Bu esa xalqimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu yerning o‘zida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaatlarni qabul qilishni raqamlashtirish va ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechish uchun qo‘shimcha 200 ta planshet xarid qilib, “Call center”ni server tizimi bilan ta’minlash hamda to‘liq ma’lumotlar bazasini yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Viloyat ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasida bo‘lgan viloyat rahbari bu yerdagi kasalxonaning ta’mirtalab holga kelib qolganiga e’tiroz bildirdi. Mutasaddilarga kasalxonani qisqa muddatlarda ta’mirlab, mijozlarga zarur qulayliklar yaratish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri