Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Daniya qirolligining “Depa Commerce and Consult” Ltd kompaniyasi direktori Nik Kianzad va Eron Islom Respublikasining “Ashkina Bino Group” kompaniyasi direktori Madina Kianzadni qabul qildi.
Muzokaralar chog‘ida “Depa Commerce and Consult” Ltd kompaniyasi bilan quyosh elektrostansiyasi qurish, chiqindini qayta ishlash orqali 25 turdagi mahsulot hamda havodan ichimlik va sug‘orish suvi olish texnologiyalari ishlab chiqarish, yo‘lovchi avtobuslar keltirish, gaz va neft qazib olish bo‘yicha hamkorlik qilish loyihasi muhokama etildi. “Ashkina Bino Group” kompaniyasining organik mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida viloyat hokimi xorijlik investorlar bilan istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishini qayd etib, mutasaddilarga kompaniyalar mutaxassislari bilan ularni amalga oshirishning texnik -iqtisodiy tomonlarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli topshiriq berdi.
Joriy yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyatiga Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy, Vengriya, Turkiya kabi o‘nga yaqin davlat vakillari kelib, voha ishbilarmonlari bilan hamkorlik qilish va investitsiya kiritish taklifini bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri