English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoga sayyohlar oqimi ko‘payadi
14:15 / 2023-10-27

Mamlakatimizda bo‘lib turgan Tailand Amaliy san’at departamenti ijrochi direktori, Tailand muzeylari idorasi direktori Nitaya Kanokmongkol boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Surxondaryo viloyatiga keldi.

Mehmonlar dastlab viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov qabulida bo‘ldi. Uchrashuv chog‘ida qadimiy vohaning noyob tarixiy va arxeologik yodgorliklari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Hududdagi buddizm obidalariga tailandlik sayyohlarni keng jalb etib, turizm sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tarixi olis o‘tmishdan so‘zlaydigan qadimiy vohaning Termiz, Sho‘rchi, Muzrabot, Sherobod va Denov tumanlarida o‘ndan ortiq buddaviylik inshootlari saqlanib qolgan. Termiz tumanidagi Fayoztepa majmuasi, Qoratepa g‘or monastir buddaviylik obidasi, Dalvarzintepa arxeologik yodgorligi, Kampirtepa shahar qal’asi kabi Kushonlar davriga oid noyob yodgorliklar dunyo sayyohlarida katta qiziqish uyg‘otib keladi.  

Samimiy ruhda o‘tgan qabulda tailandliklarning Surxondaryoga sayohatini ko‘paytirish uchun buddizm obidalariga qiziqarli turistik turlar tashkil etishga kelishildi. Mehmonlar bugun Eski Termiz hududidagi Zurmala buddaviy stupa-minorasi, Fayoztepa majmuasi va Qoratepa g‘or monastir buddaviylik obidalari bilan yaqindan tanishadi. Termiz davlat universitetida bo‘lib, arxeolog professor-o‘qituvchilar va bo‘lg‘usi arxeologlar bilan uchrashadi.  

Delegatsiya a’zolari Sho‘rchi tumanidagi Dalvarzintepa arxeologik yodgorligi, Kushonlar hukmronligi mavzoleyi qoldiqlari hamda yaponiyalik mashhur arxeolog olim Kato Kyudzo uy muzeyida bo‘lishni, Denov tumanidagi Xolchayon, Bolaliktepa buddaviy majmualar qoldiqlarini borib ko‘zdan kechirishni, shuningdek, Denov tumanidagi Said Otaliq madrasasi va boshqa tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishishni rejalashtirgan.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri