Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida mahalliy Kengash deputatlari, tadbirkor va fermerlar, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishida sektorlar rahbarlari uchun “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash bo‘yicha joriy etilayotgan yangi tizimni o‘rgatish, islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazish, sektorlarning “o‘sish nuqtasi”ni belgilab olish ko‘nikmalarini mustahkamlash vazifasi ham qo‘yilgan edi.
Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan o‘quv-seminarda tuman, shahar hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar bo‘limi boshliqlari va soliq idoralari rahbarlari, sektorlar kotiblari ishtirok etdi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Q.Quronboyev davlatimiz rahbari tomonidan berilgan vazifalarning mazmun-mohiyati, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko‘rsatkichlarining o‘sish nuqtalarini belgilashda sektor rahbarlarining mas’uliyati haqida so‘z yuritdi.
Prezidentimiz viloyat faollari yig‘ilishida vohani kompleks rivojlantirish, “mahallabay” ishlash asosida aholi muammolarini hal etish va hayotini yaxshilashning muhim ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Surxondaryo tajribasini yaratish uchun sektorlar rahbarlariga aniq vazifalar qo‘yildi. Shunga muvofiq, endilikda sektor rahbari o‘z hududida doimiy ishlab, xonadonma-xonadon yuradi. Aniqlangan muammolarni joyida hal etish choralarini ko‘radi. Shu tariqa viloyatda mavjud 721 ta mahalla bilan manzilli ishlanib, aholi bandligi ta’minlanadi. Kambag‘allik qisqartiriladi. Har bir mahallaning “o‘sish nuqtalari” hayotga tatbiq etiladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadi va xarid qobiliyatini oshirish bilan shug‘ullanadi. “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” bilan doimiy ishlaydi. Sektorlarda amalga oshirilayotgan bu ishlarning asosiy ko‘rsatkichlari tegishli tartibda baholanadi.
Ishtirokchilarga sektor faoliyatini baholashning yangi mezonlari haqida ma’lumot berildi. Mahalla raislari bilan ishlash kunlik, haftalik, oylik rejalarni tuzish va uni amalga oshirish mexanizmlari, ish jarayonida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan muhim jihatlar aytib o‘tildi.
– Hududlarni borib ko‘rganimizda mahallalardan biriga tijorat bankidan biriktirilgan xodim bilan suhbatlashdim, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari O.Hasanov. – U yilning o‘tgan davrida o‘z tashabbusi bilan 9 kishiga kredit mablag‘i ajratishga ko‘maklashganini aytdi. Bu samarali ishmi? O‘sha kuni bank xodimi bilan uch soat mahallani aylanib, kredit olishga xohish bildirgan 20 ga yaqin kishini aniqladik. Bugun xalqni rozi qilish uchun davlat rahbari hammadan jon kuydirib ishlashni so‘ramoqda. Buning uchun rahbar menejer bo‘lishi kerak. Sektor rahbari odamlarning uyiga kirib, piyolasidan bir qultum choy ho‘plagach, muammolarini so‘rasa ham bu o‘sha xonadon uchun katta motivatsiya bo‘ladi. Uy egalari quvonganidan harakatga keladi. Endilikda qaysi sektor rahbarining kotibi bilimli, harakatchan va tashabbuskor bo‘lsa, o‘sha sektorda ish yaxshi ketadi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda baholash reytingining yo‘lga qo‘yilgani hududlarga belgilangan prognoz parametrlari choraklar hamda yil yakuni bilan ijobiy ko‘rsatkichlarga erishishda muhim omil bo‘ladi. Qaysi yo‘nalishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilsa, shu sektor rahbari tezkorlik bilan mavjud muammolarni aniqlab, ijrosini ta’minlash uchun o‘zining “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi va shu asosda muammoning yechimini topadi.
– O‘quv mashg‘ulotlari juda mazmunli, samarali o‘tdi, – deydi Angor tumani hokimi, birinchi sektor rahbari Shohjahon Abdullayev. – Sektor hududida tamomila yangicha tizimda “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Shunga asosan, har bir mahallada bo‘lib, xonadonma-xonadon yurishni belgilab oldim. Hududimda 12 ta mahalla bor. “Yoshlar daftari”da 3 ming 614 nafar yigit-qiz, “Ayollar daftari”da 1 ming 322 xotin-qiz, “Temir daftar”da 80 nafar nogiron va ehtiyojmand fuqaro ro‘yxatda turibdi. Bugundan hokimlik vazifamni birinchi o‘rinbosarimga yuklab, o‘zim sektorda ish boshlayman. Uch oyda “daftar”lardagi yoshlar va xotin-qizlar muammolarini hal etaman. Ish bilan ta’minlayman. Nogiron va ehtiyojmandlarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash uchun jamg‘armalarimizda yetarli mablag‘ mavjud. Faqat ishni samarali tashkil etib, kecha-kunduz xalq orasida bo‘lishni rejalashtirib oldim.
Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Sh.Atabayev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari S.Xolxo‘jayev “Temir daftar”ga kiritilgan kam ta’minlangan oilalar bilan ishlash uslublari, yangi tizimda “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash bo‘yicha ma’lumot berdi. Mahallaning “o‘sish nuqtalari”ni belgilashda sektor rahbarlarining o‘rnini tushuntirdi.
– O‘quv-seminarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mutasaddilari ishimizni baholashning yangi tizimini sodda tilda tushuntirib bergani ham ayni muddao bo‘ldi, – deydi Qiziriq tumani prokurori, ikkinchi sektor rahbari Jasurbek Rahimov. – Shuningdek, sektorlar bilan ishlashda yo‘l qo‘yib kelingan kamchiliklar ham ochiq aytildi. To‘g‘ri, hozirgacha sektor faoliyatini to‘laqonli yuritishda ayrim kamchiliklarimiz bor edi. Endi to‘liq sektor bilan ishlayman. Sektorga biriktirilgan 10 ta mahallada 37 mingga yaqin aholi yashaydi. Ular bilan “mahallabay” va “fuqarobay” ishlab, Prezidentimiz viloyatga tashrifi chog‘ida belgilab bergan 8 ta yo‘nalish bo‘yicha barcha vazifalarni bajaraman. Bugun bu borada olib boradigan ishlarimiz sodda tilda aniq tushuntirib berildi.
Seminar ishtirokchilarida mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G.Marufovaning “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini hal etish va ularni daftardan chiqarish tartibi, elektron ma’lumotlarni yuritish, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayevning “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar bilan tizimli ishlash hamda daftar.mehnat.uz platformasining yuritilishiga bag‘ishlangan ma’ruzalari ham qiziqish uyg‘otdi.
O‘quv-seminarda sektorlar rahbarlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanma tarqatildi. Sektorlar rahbarlari va kotiblarining savollariga atroflicha javob berildi. Yangi tizimda Surxondaryo tajribasini yaratish yuzasidan taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA