Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda meva-sabzavotni qayta ishlash quvvati Angor, Boysun, Uzun, Sho‘rchi, Qiziriq va Termiz tumanlarida 5 foizga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga Angor, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoyda 6 ta saqlash, quritish, saralash va tashish markazini barpo qilish, Termiz tumanida Koreya bilan birga 50 million dollarlik logistika xabini ishga tushirish topshirildi.
Kelgusi yildan Surxondaryo oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishdagi tashish xarajatlarining 50 foizini qoplash tizimi joriy etiladi. Bunda qo‘shni davlatlarga tashish xarajatlari ham qoplab beriladi, eksport tovarlari ro‘yxatiga karam, piyoz, qizil lavlagi, loviya, mosh ham kiritiladi. Bu – qo‘shimcha 150 million dollarlik eksport degani.
Ingichka tolali g‘o‘za 15 foizgacha kam suv talab qiladi, tola chiqimi 10 foiz kam va 12-15 kun erta pishadi.
Shu munosabat bilan ingichka tolali paxtani qayta ishlashni 30 foizga yetkazish, ingichka tolali g‘o‘za navlarini yaratishda molekulyar genetika va seleksiya bo‘yicha qo‘shma loyiha va zamonaviy laboratoriya tashkil etish, tuproq-iqlim sharoitiga mos ingichka tolali g‘o‘za navlari maydonini 50 ming gektargacha kengaytirishga topshiriq berildi.
O‘zA