Denov tumanidagi Surxondiyor va Lag‘monota mahallalarida 150, Sina va Chorgul mahallalarida 90 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
– Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari fuqarolarning murojaatlari asosida ishga tushirildi, – deydi Denov tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Feruza To‘rayeva. – Ularning tez va sifatli bunyod etilib, zamonaviy usulda jihozlanishiga viloyat prokurori Sadriddin Turdiyev yaqindan ko‘maklashdi. Jajji bolajonlarni har taraflama barkamol tarbiyalab, ulg‘aytirishga xizmat qiladigan Surxondiyor va Lag‘monota mahallalaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 30 nafardan, Sina va Chorgul mahallalarining har birida 18 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, Sherobod tumanida bolajonlarga tuhfa qilingan ikkita yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti Investitsiya dasturi doirasida, davlat xususiy sheriklik asosidagi bitta bog‘cha tadbirkorlar mablag‘i hisobidan qad rostladi. Bahor mahallasidagi 90 o‘rinli zamonaviy maskanni qurib, ishga tushirish uchun 3 milliard 527 million so‘m mablag‘ sarflandi. Do‘stlik mahallasidagi 75 o‘rinli bog‘chaga 1 milliard 537 million so‘m mablag‘ xarajat qilindi. Istiqbol mahallasidagi 100 o‘rinli davlat-xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini foydalanishga topshirish uchun 2 milliard 200 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ayni paytda tumandagi Bahor mahallasida 394 nafar, Do‘stlikda 428, Istiqlol mahallasida 333 nafar uch yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan bola istiqomat qilmoqda.













Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 452 ta davlat, 164 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 1 ming 979 ta oilaviy va 10 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri