Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda “Yoshlar dasturi”ni amalga oshirishda 336 ming 83 nafar o‘g‘il-qiz qamrab olinadi
20:59 / 2021-01-08

Termizda Prezidentimizning “Yoshlar forumi”da so‘zlagan nutqi hamda Oliy Majlisga va xalqqa murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

ZOOM dasturi orqali o‘tkazilgan tadbirning viloyat studiyasida yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat ichki ishlar, bandlik, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, ta’lim, tibbiyot muassasalari,siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari rahbar hamda mas’ul xodimlari, shahar va tuman studiyalarida mazkur tashkilotlar va muassasalarning hududlardagi bo‘limlari boshliqlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimizning “Yoshlar forumi”da so‘zlagan nutqi hamda Oliy Majlisga va xalqqa murojaatnomasida ilgari surilgan vazifalar mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergani alohida ta’kidlandi. Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning noyob qobiliyat va iste’dodlarini amalga oshirishga ko‘maklashish, ma’naviyatini yuksaltirib, har taraflama sog‘lom kamolga yetkazishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da bu boradagi ishlar samaradorligini ta’minlashning yangicha tizimi joriy etilmoqda. Shunga muvofiq viloyatda yoshlar bilan ishlashda yangicha tizimni yo‘lga qo‘yishning 52 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Mazkur dastur doirasida amalga oshiradigan ishlarimizga 336 ming 83 nafar o‘g‘il-qiz qamrab olinadi,­deydi yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Olimov.­85 milliard 125 million so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Sakkizta yo‘nalishdan iborat dasturni ruyobga chiqarish uchun yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunarga o‘rgatish va qayta tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Adabiyot va san’at turlariga qiziqishini oshirib, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish, jismonan chiniqtirib, sport sohasidagi qobiliyatini namoyon etishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Harbiy vatanparvarlik ruxida tarbiyalashga ahamiyat beriladi. Kompyuter texnologiyalaridan unumli foydalanish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, kutubxonalar barpo etish, ta’lim-tarbiya va ilm-fan rivojini jadallashtirish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida ham keng qamrovli ishlar olib boriladi.

Seminarda davlatimiz rahbarining “Yoshlar forumi”da so‘zlagan nutqi hamda Oliy Majlisga va xalqqa murojaatnomasi mazmun-mohiyatini mahalla va ta’lim muassasalarida targ‘ib qilishga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Tadbirlarni samarali tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  O‘zA