O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligiga
Mamlakatimizda mustaqilligimizning 34 yilligini keng nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi "HUMO NEW ENERGY" korxonasi zamonaviy yengil yuk avtomashinasi ishlab chiqarishni boshladi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda sanoatning barcha tarmoqlari, jumladan, zamonaviy avtosanoatni jadal rivojlantirib, sohani iqtisodiyotning muhim “o‘sish nuqtasi”ga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Endilikda “Made in Uzbekistan” yorlig‘i bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki, balki xalqaro bozorlarda ham raqobatbardoshligi bilan xaridorgir bo‘lmoqda. Bu jarayonda hududlardagi korxonalar, ilg‘or g‘oya va takliflar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, barqaror ishlashi uchun barcha imkoniyat yaratib berilayotgani ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-24764]
Surxondaryo viloyat hokimligi va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi ko‘magi bilan Denov tumanida barpo etilgan yangi korxona ham bunga yaqqol dalildir.
Tumandagi "HUMO NEW ENERGY" korxonasining qiymati 30 million dollar bo‘lgan yirik loyihasi yiliga 5 ming dona zamonaviy yengil yuk avtomashinasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Istiqbolli yangi loyiha doirasida kelgusida elektr bilan harakatlanuvchi arzon, sifatli, qulay yengil yuk transport vositasi ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Bu loyihaning e’tiborga sazovor yana bir jihati shundaki, ishlab chiqarish uchun aksariyat butlovchi qismlar shu yerning o‘zida mahalliylashtirilgan. Bu import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulot ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirib, ichki bozorni arzon, sifatli, qulay modeldagi transport vositalari bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda 150 ish o‘rni yaratilgan korxonada mehnat qilayotgan yoshlarning aksariyati kasb-hunar ta’limi muassasalarini bitirgan yigit-qizlar bo‘lib, ular soha bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmaga ega.
Mutaxassislarning aytishicha, yangi korxonada ishlab chiqarilayotgan yengil yuk avtomashinalariga mahalliy aholida ham, xorijda ham talab yuqori bo‘lmoqda. Korxona to‘la quvvat bilan ishga tushgach, mahsulotning asosiy qismi xorijga eksport qilinishi mo‘ljallanayotir. Shuningdek, ikkinchi bosqichda ishlab chiqarish tarmog‘i kengaytirilib, elektrda harakatlanadigan yengil yuk avtomashinasi ishlab chiqarish ham o‘zlashtiriladi.
Tadbir qatnashchilari yangi korxonaning ish jarayonlari va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
–Tumanimiz azaldan viloyatning savdo xizmat ko‘rsatish rivojlangan hududlaridan biri,– deydi mehnat faxriysi Yazzon Xudoyqulov.–Lekin shu paytgacha sanoati juda past darajada edi. Keyingi yillarda hududda katta o‘zgarishlar yuz berib, zamonaviy sanoat yuksalishga yuz tutdi. Masalan, Denovda shunday yuk yengil avtomashinasi ishlab chiqarish bizning xayolimizga kelmagan yangilik bo‘ldi. Qarang, kelgusida bu yerda elektromobillar ishlab chiqarilar ekan. Uning yonidagi sanoat zonasida besh yuzlab yoshlarning mehnat qilayotgani ham tumanda sanoatni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning amaldagi samarasidir. Bularning barchasi uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.
Tadbirda Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri