Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda Yangi yil yarmarkalari ish boshladi
10:04 / 2024-12-13

Surxondaryo viloyatida Yangi yil bayrami shukuhi esayotgan shu kunlarda hududlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda.

Ayni paytda joylarda bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun tegishli ishlar olib borilayotir. Turli ko‘ngilochar tadbirlarga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Joylarda ish boshlayotgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari esa voha ahlining bayram dasturxoni yanada to‘kin bo‘lishini ta’minlab, narx-navo keskin ortib ketishining oldini olishga xizmat qiladi. Shu maqsadda savdo yarmarkalarida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzon narxlarda sotilishi yo‘lga qo‘yilgan.  

Angor markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozorida tashkil etilgan yarmarkada arzonlashtirilgan narxdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga keng o‘rin ajratilgan. Yarmarkada qo‘y go‘shti 90, mol go‘shti 70 ming so‘mdan savdoga chiqarildi. Sarxil meva-poliz, dukkakli, sabzavot, sut, tuxum kabi mahsulotlar ham bozordagidan bir muncha arzon narxlarda taklif etilmoqda.  

Boysun markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozorida ish boshlagan savdo yarmarkasida xaridorlarga fermerlar, dehqonu bog‘bonlar yetishtirgan shirin mevalar, sabzavot-poliz, asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq singari ko‘plab turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etilmoqda.  

– Yarmarkadagi mahsulotlar bozordagisidan nisbatan arzon narxlarda sotilayotgani xaridorlarda qiziqish uyg‘otyapti, – deydi tuman hokimining axborot xizmati rahbari Yunus Xoliyorov. – Masalan, qo‘y go‘shtini 90 ming, mol go‘shtini 70 ming so‘mgacha, tuxumning donasini ming, olmaning eng sarasini besh ming so‘mdan xarid qilishmoqda. Guruch, asal, sut singari mahsulotlar, sitrus mevalar ham arzonlashtirilgan narxda savdoga chiqarilgan.  

Termiz shahri va boshqa tuman dehqon (oziq-ovqat) bozorlaridagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalaridan joy olgan mahsulotlar ham qish faslida narx-navo keskin oshishining oldini olishga xizmat qilmoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri