French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda yangi yil hosili uchun urug‘lik chigit tayyorlanmoqda
11:58 / 2022-01-13

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Oltin Chigit” O‘zbekiston – Gretsiya qo‘shma korxonasida bahorgi ekish mavsumi uchun urug‘lik chigit tayyorlash boshlandi.

Korxona bir yilda 5 ming tonna urug‘lik chigitni tuksizlantirib, kasalliklarga qarshi dorilash quvvatiga ega.

Yuzdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilayotgan korxona joriy yilgi mavsum uchun 900 tonna urug‘lik chigitni tuksizlantirib, dorilashni mo‘ljallamoqda. Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimizda paxtachilikning klaster tizimiga o‘tilgani hosilni yetishtirishdan boshlab uni to‘liq qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonlarni sifatli amalga oshirib, salmoqli daromad olishni talab etmoqda. Shunga muvofiq paxtakorlar ertapishar, kasalliklarga chidamli g‘o‘za navlarini ekishga katta qiziqish bildirayotir. Viloyatdagi paxtachilik-to‘qimachilik klasterlarining talab va ehtiyojlarini o‘rgangan qo‘shma korxona bu yilgi mavsum uchun “Sulton”, “Besh qahramon”, “Porloq” kabi voha iqlimiga mos, kasalliklarga chidamli, serhosil va erta pishar g‘o‘za urug‘larini qayta ishlamoqda.

Hosilni yig‘ishtirish paxtaning yuqori sifatli urug‘lik fondini yaratishda hal etuvchi bosqich sanaladi. G‘o‘za ko‘sagi bir paytning o‘zida emas, balki, asta-sekin ochilishi bilan boshqa madaniy ekinlardan farq qiladi. Bu jarayon paxta hosili, ayniqsa, urug‘lik paxtani terib olishni ancha qiyinlashtiradi. Urug‘lik paxtaning sifati ko‘saklarning tupda joylanishi, zararkunanda va kasalliklarga chalinmaganiga bog‘liqdir. Surxondaryo viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutasaddilarning fikricha, tupning o‘rta va pastki qismi, ikkinchi va qisman uchinchi konusida joylashgan ko‘saklarda eng sifatli urug‘lik chigit bo‘ladi. Bu ko‘saklar sovuq tushguncha yaxshi yetilib, pishadi. Undan yig‘ib olingan urug‘ ekish mavsumi oldidan qayta nazoratdan o‘tkazilib, tegishli ishlov beriladi.

–Urug‘lik chigitni qayta ishlashda viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritamiz, – deydi “Oltin Chigit” qo‘shma korxonasi rahbari Turdiali Xo‘janazarov. – Bunda sohaning tajribali mutaxassislari zarur maslahat va tavsiyalarini berayotir. Ishchi-xodimlarimiz uchun master-klasslar tashkil etmoqda. Uzoq yillardan buyon davom etayotgan bu hamkorlik buyurtmachilarmiz bilan har taraflama ishonchli aloqa o‘rnatishimizga xizmat qilmoqda.

G‘o‘za nozik o‘simlik. Undan yuqori tolali, mo‘l hosil yetishtirishda saralab olingan urug‘lik chigitning alohida o‘rni bor. Bu hozirgi paytda soha mutaxassislari oldida turgan muhim masalalardan biridir.

–Urug‘lik paxtaning sifatiga g‘o‘zaning zararkunanda va kasalliklari katta ta’sir etadi, – deydi viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Davron Tangirov. – Kemiruvchi zararkunandalar bilan shikastlangan ko‘saklar chiriy boshlaydi yoki undan past sifatli xom ashyo olinadi. Bunday ko‘saklarning paxtasi sarg‘ish, kul rang tusda bo‘ladi. Paxta biti ajratadigan yopishqoq shira paxtani ifloslaydi va “oq shira” hosil bo‘ladi. Unda qorakuya zamburug‘lari ko‘payib, “qora shira”ga aylanadi. Natijada oq paxta qora tusga kirib, urug‘lik paxtaning sifati pasayadi. Gommoz yuqqan ko‘saklarning paxtasi pishmagan, sarg‘ish va tolasi yozilmaydigan past sifatli bo‘ladi. Vilt yuqqan g‘o‘zalardan ayniqsa, past sifatli tola va chigit olinadi. G‘o‘za ekini atrofidagi muhitda havo namligi yuqori bo‘lsa, ochilgan ko‘sakdagi tolada uni turli xil rangga kirituvchi zamburug‘lar rivojlanadi. Bunday ko‘saklarning tolasi momiqlanmaydi, tola va urug‘lik chigitning sifati ancha pasayib ketadi. Ayni paytda mamlakatimizda shu kabi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan tegishli ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

– Qo‘shma korxona o‘rta va ingichka tolali urug‘lik chigitni qayta ishlashda yetarli tajriba va zarur uskunalarga ega, – deydi viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi inspektori Yo‘ldosh Jonnazarov. – Masalan, ingichka tolali urug‘lik paxtani qayta ishlashda har bir nav uchun alohida texnologik rejim belgilanadi. Texnologik jihozlarning ishi hap bir ish smenasi vaqtida urug‘likning shikastlanganlik darajasiga qarab uzluksiz boshqarib turiladi. Ekish uchun tayyorlanayotgan urug‘lik chigit zarur preparatlar bilan quruq usulda qayta ishlab zararsizlantirilgach, qoplarga solinib, tegishli muhr bosiladi. Qop ichiga urug‘likning kelib chiqishi, navi, reproduksiyasi, navdorligi, dalalar guruhi, unuvchanligi va boshqalar yozilgan yorliq solib qo‘yiladi. Shunday mazmundagi yorliq qop ustiga ham yopishtiriladi. Har bir partiya urug‘lik paxta qayta ishlanib bo‘lingandan so‘ng yana bir qator agrotexnik standartlar amalga oshirilgach, tayyor mahsulotga sertifikat beriladi.

Qo‘shma korxona shu yil yana bir yangi loyihani amalga oshirib, tukli urug‘lik chigitni dorilash texnologiyasini o‘zlashtiradi. Bir ish kunida 50 tonnagacha tukli urug‘lik chigitni qayta ishlab, dorilaydigan zamonaviy sexda 20 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA